IIV taʼlim muassasalarida. Yoshlar bilan muloqot
2025-12-24 08:15:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tengligini taʼminlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Bunga javoban, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtiroki tobora ortib bormoqda.
IIV 1-sonli Toshkent akademik litseyida poytaxt IIBB sohaviy xizmatlar vakillari hamda mazkur taʼlim muassasasi oʻquvchi qizlari ishtirokida boʻlib oʻtgan davra suhbatida bu borada atroflicha soʻz yuritildi. Tadbirda xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish, mavsumiy yuqumli kasalliklar, IIVning oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun harbiy-tibbiy komissiyada tibbiy guvohlantirishdan oʻtish tartibi, ichki ishlar organlarida xodimalarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va yaratilgan shart-sharoitlar, kibermadaniyatni yuksaltirish mavzulari yuzasidan maʼruzalar tinglandi.
- Bosh boshqarma va uning tizimlarida erkaklar bilan bir safda, bir maqsad yoʻlida sadoqat va fidoyilik bilan xizmat olib borayotgan ayollar ulushi tobora ortyapti, — deydi Toshkent shahar IIBB HPB boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Shirin Normatova. — Bu, avvalo, Yurtboshimiz rahnamoligida jamiyatning barcha jabhalarida xotin-qizlarimizning oʻrni va rolini oshirishga qaratilayotgan eʼtiborning mahsulidir. Qolaversa, ichki ishlar organlaridek masʼuliyati ogʻir sohada ularning samarali faoliyat yuritishi uchun ishonch bildirish, imkoniyat va sharoit yaratish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga koʻmaklashish borasida tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Shuningdek, ochiq muloqot tarzida oʻtgan tadbirda ishtirokchi yoshlarga inson qiziqqan sohasida oʻz qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun oʻqish-oʻrganishdan va izlanishdan toʻxtamasligi kerakligi uqtirildi. Hayotdagi qiyinchiliklardan choʻchimay, bilmaganlarini ustozlaridan, hamkasblaridan soʻrab, oʻz burchini sidqidildan ado etishga kirishganlar barcha sohalarda boʻlgani kabi, ichki ishlar organlari tizimida ham koʻzlagan maqsadlariga erishishi taʼkidlandi.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA, oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
