Ichki ishlar vazirligi rahbariyati IIV Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli 7534-sonli harbiy qismga tashrif buyurdi
2025-12-23 15:35:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Mirzaraximov Baxodir Yuldoshevich Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli 7534-sonli harbiy qismga amaliy tashrif buyurdi.
Tashrif davomida vazir oʻrinbosari harbiy qismda xizmatni tashkil etish, shaxsiy tarkibning jangovar shayligi, xizmat intizomi va harbiy xizmatchilarning kasbiy tayyorgarlik darajasi bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, qismdagi moddiy-texnika taʼminoti, qurol-aslaha va harbiy texnikalarning holati koʻzdan kechirildi.
Mehnat va xizmat sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, harbiy xizmatchilarning yashash binolari, oshxona, tibbiy punkt va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar olib boriladigan xonalar faoliyati oʻrganildi.
Uchrashuv davomida vazir oʻrinbosari shaxsiy tarkib bilan suhbat oʻtkazib, ularni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bilan samimiy tabrikladi, harbiy xizmatdagi muvaffaqiyatlar va oilaviy baxt-saodat tiladi. Shuningdek, xizmatda faollik koʻrsatayotgan ayrim harbiy xizmatchilar ragʻbatlantirildi.
Tashrif yakunida Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan Qorovul qoʻshinlari boʻlinmalari oldiga qoʻyilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, jangovar shaylikni yanada oshirish hamda harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar belgilandi.
Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Axborot xizmati




