Buxoro viloyatida bayram tadbirlarining tinch, osoyishta va xavfsiz oʻtishini taʼminlash maqsadidagi oʻrganishlar Gʻijduvon va Shofirkon tumanlarida davom etdi
2025-12-23 13:50:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi viloyat prokurori, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari Gʻijduvon tumanida boʻlib, Yangi yil archasi oʻrnatilgan hududlarda yongʻin va jamoat xavfsizligi talablariga qay darajada tayyorgarlik koʻrilganligini oʻrgandilar.
Oʻrganish jarayonida bayram tadbirlarini tinch, osoyishta va xavfsiz oʻtkazish masalalari muhokama qilinib, tegishli soha masʼullariga aniq topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, tashrif davomida Abduxoliq Gʻijduvoniy ziyoratgohida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari koʻzdan kechirildi. Hududda daraxt koʻchatlari ekilib, Qurʼon tilovat qilindi. Kelayotgan Yangi yil yurtimizda tinchlik-osoyishtalik barqaror boʻlishi, qut-baraka va farovonlik yanada ziyoda boʻlishi tilab, ezgu duolar qilindi.
Bayram tadbirlarining tinch, osoyishta va xavfsiz oʻtishini taʼminlashga qaratilgan oʻrganish ishlari Shofirkon tumanida davom ettirildi. Oʻrganish jarayonida bayram maydonining maxsus toʻsiqlar bilan oʻrab olinganligi, kirish va chiqish joylari tartibga solinganligi, xavfsizlik choralarining kuchaytirilganligi, shuningdek, yongʻin va jamoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi holati koʻzdan kechirildi. Tadbirlar davomida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda holatlarning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Hamkorlikdagi xizmatlarga doimiy nazoratni kuchaytirish, aholi xavfsizligini taʼminlash hamda bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Shu bilan birga, masʼullarga aholiga bayram kayfiyatini ulashuvchi madaniy-koʻngilochar dasturlarni koʻpaytirish hamda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarini tashkil etish boʻyicha topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









