Qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari oʻrganilmoqda
2025-12-23 12:10:00 / Yangiliklar

Yurtimizda qish. Qorli-qirovli kunlar boshlanib, uylar, bolalar muassasalari, oʻquv dargohlari, korxona-tashkilotlar, inshootlarni isitish, yoʻllar, trotuarlarni qor-muzlardan tozalash ishlari mutasaddilardan katta eʼtiborni talab qiladi. Qish mavsumining talofatsiz, koʻngilsizliklarsiz oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida Toshkent shahar hokimi, prokurori, IIBB, soliq boshqarmasi hamda boshqaruv servis kompaniyalari, obodonlashtirish hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hamkorligida bir qator poytaxt tumanlaridagi holatlarni oʻrganish ishlari olib borildi.
Aholining qishki mavsumda elektr energiyasi, isitish moslamalariga boʻlgan ehtiyoji, yoqilgʻi-yonilgʻi mahsulotlarining zaxirasi, yoʻlovchilar hamda transport vositalarining yoʻllarda xavfsiz harakatlanishini taʼminlash, bekatlarda kutib qolish holatlarining oldini olish, yogʻingarchiliklardagi noqulay holatlarga barham berish masalalari atroflicha oʻrganilib, bu boradagi muammolarni bartaraf etish boʻyicha maxsus texnik vositalari, zaruriy jihozlar, xizmat koʻrsatish maxsus texnikalari, yoʻlovchi tashish avtoulovlarining shayligiga eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, koʻp qavatli uylar, kasalxona, bolalar muassasalarida elektr taʼminoti hamda isitish moslamalarida uzilishlar boʻlmasligiga, yongʻin xavfsizligini taʼminlashga eʼtibor qaratildi.
Oʻrganishlar jarayonida aniqlangan kamchiliklar koʻrsatib oʻtilib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, zarur topshiriqlar berildi. Shuningdek, xonadonlar, bogʻcha, maktab, shifoxonalarni isitish bilan bogʻliq hamda yoʻlovchi tashish, yoʻllarni harakatlanish uchun bexatar qilishda favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganida, ehtiyot choralarini koʻrish, ularni tezkor bartaraf etish masalalari belgilandi. Bu kabi poytaxtimizning barcha tumanlarida qish mavsumini talofatlarsiz, koʻngildagidek oʻtkazish borasidagi ishlar oʻrganilib, kamchiliklarni bartaraf etish, hamda oldini olish boʻyicha zaruriy choralar koʻrilmoqda.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati






