Surxondaryoda “Yangi yil” bayrami tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish borasidagi ishlar oʻrganilmoqda
2025-12-23 12:00:00 / Yangiliklar

Yangi yil bayrami munosabati bilan hududlarda oʻrnatilgan “Prezident archasi” tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish, aholining dam olishi, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash davrida jamoat tartibini saqlash, turli favqulodda holatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, Yangi yil bayrami hamda Prezident archasi tadbirlarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori darajada tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2025-yil 7-dekabrdagi 442-sonli farmoyishi talablari asosida shahar va tumanlarda oʻrnatilayotgan “Prezident archasi” bayram tadbirlari oʻtkaziladigan joylar atroflicha oʻrganib chiqilmoqda.
Mazkur jarayonlar Surxondaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Timur Ismailov hamda Ichki ishlar vazirligidan masʼul etib biriktirilgan polkovnik Shuhrat Sotvoldiyevlar rahbarligida Termiz tumanida amalga oshirildi. Oʻrganish ishlari davomida viloyatning asosiy bayram tadbirlari oʻtkaziladigan Termiz tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida Yangi yil bayrami munosabati bilan oʻrnatilgan “Prezident archasi” atrofidagi xavfsizlik holatlari, jamoat tartibi va xavfsizlikni taʼminlash, bolalar va fuqarolar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, shuningdek, tadbirlarni tashkil etishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlarning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
“Prezident archasi” tadbirlarini mazmunli, xavfsiz va yuksak saviyada oʻtkazilishi bolalarning quvonchiga quvonch qoʻshib, ular qalbida Yangi yil bayramining unutilmas xotiralarini qoldirishiga xizmat qiladi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati




