Buxoro viloyati rahbariyati Qorovulbozor, Buxoro va Vobkent tumanlarida Yangi yil bayramini xavfsiz oʻtkazish masalalarini oʻrgandi
2025-12-23 11:15:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati hokimi boshchiligidagi viloyat prokurori, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari Qorovulbozor, Buxoro va Vobkent tumanlarida boʻlib, Yangi yil bayramini kutib olishga koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishdilar.
Tashrif Qorovulbozor tumanidan boshlanib, ushbu hududdagi tuman texnikumi faoliyati oʻrganildi. Masʼullar oʻquv-ishlab chiqarish ustaxonalarini koʻzdan kechirib, pedagoglar va oʻquvchi-yoshlar bilan muloqot qildilar. Yoshlarning ilmga va kasb-hunarga boʻlgan qiziqishlari oʻrganilib, mazkur taʼlim muassasasi misolida viloyatda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Qorovulbozor, Buxoro va Vobkent tumanlarida “Yangi yil archasi” oʻrnatilgan hududlarda bayram tadbirlarining tinch, osoyishta va xavfsiz oʻtishini taʼminlashga qaratilgan oʻrganish ishlari olib borildi.
Oʻrganish jarayonida bayram maydonlarining maxsus toʻsiqlar bilan oʻrab olinganligi, kirish va chiqish yoʻlaklari tartibga solinganligi, xavfsizlik choralarining kuchaytirilganligi, shuningdek, yongʻin va jamoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi holati koʻzdan kechirildi. Favqulodda holatlarning oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Hamkorlikdagi xizmatlarga doimiy nazoratni kuchaytirish, aholi xavfsizligini taʼminlash hamda bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Shu bilan birga, tuman masʼullariga aholiga bayram kayfiyatini ulashuvchi madaniy dasturlarni koʻpaytirish hamda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarini tashkil etish boʻyicha topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati








