IIV akademiyasida ichki ishlar organlarining xalqchilligi va nufuzini oshirishga bagʻishlangan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi
2025-12-21 18:25:00 / Yangiliklar

Taʼlim muassasasi rahbariyati va faxriylar ishtirokida oʻtgan uchrashuvda sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, xodimlarga qoʻyilayotgan dolzarb talablar, faoliyatni takomillashtirish masalalari, bu boradagi ayrim muammolar va ularning yechimlari xususida soʻz bordi.
Akademiya boshligʻi ichki ishlar organlari xalqchil tuzilma sifatida yangicha qiyofa kasb etib borayotgani, hozirgi murakkab sharoitda sohaning faoliyat samaradorligini oshirish, aholi bilan doimiy muloqoti va hamkorligini mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.
Ana shu maqsadda keyingi yillarda kadrlar tayyorlash jarayonlari tubdan isloh qilingani, xodimlarning kasbiy oʻsishi uchun “uzluksiz oʻquv karyera” tizimi yoʻlga qoʻyilgani, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar yangi bosqichga olib chiqilib, jangovar va jismoniy tayyorgarlik mezonlari takomillashtirib borilayotgani qayd etildi.
Muloqotda xodimlar faoliyati bilan bogʻliq kamchiliklar aytib oʻtildi. Ayrim xodimlarda fuqarolar bilan muloqot qilish, nostandart vaziyatlarda toʻgʻri va tezkor qaror qabul qilish, OAV xodimlari va blogerlar bilan hamkorlik qilish koʻnikmalari yetishmasligi aytib oʻtildi. Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun xodimlarning bilim salohiyati, kasbiy fazilatlari, vatanparvarlik tuygʻusini yuksaltirish, rahbarlarning shaxsiy masʼuliyatini oshirish, tizimda ustoz-shogirdlik anʼanalarini kuchaytirish, katta avlod vakillarining boy hayotiy tajribasidan unumli foydalanish ijobiy natija berishi taʼkidlandi.
Muloqot davomida faxriylarning fikr-mulohazalari, tizimni rivojlantirishga qaratilgan takliflari tinglandi. Kelgusida bu kabi salbiy holatlarning barvaqt oldini olish uchun taʼlim-tarbiya jarayonlarini kuchaytirish, yosh avlodni har tomonlama professional kadrlar etib tayyorlash, xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish, tizimning ijobiy imijini shakllantirishga qaratilgan samarali mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etish, bu borada hududiy ichki ishlar organlariga metodik koʻmaklashish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati





