Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vazirligi Axborot va targʻibot departamenti faoliyati bilan yaqindan tanishdi va tajriba almashdi
2025-12-20 09:00:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida delegatsiya XXR Jamoat xavfsizligi vazirligining Media-markaziga tashrif buyurdi. Bu yerda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini axborot jihatdan taʼminlashning kompleks tizimi taqdim etildi.
Ishtirokchilar ommaviy axborot vositalari bilan ishlashni muvofiqlashtirish mexanizmlari, jamoatchilikni tezkor xabardor qilish tamoyillari, shuningdek, idora faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashda raqamli texnologiyalar hamda multimedia platformalaridan foydalanish tajribasi bilan tanishdilar.
Ishchi yigʻilish davomida dezinformatsiyaga qarshi kurashish, inqirozli vaziyatlarda yagona kommunikatsiya strategiyasini shakllantirish, shuningdek, matbuot xizmatlari xodimlarining kasbiy tayyorgarligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar axborot faoliyatini zamonaviy media-trendlar va raqamli muhit chaqiriqlariga moslashtirish boʻyicha fikr almashdilar.
Tashrif dasturining davomi sifatida Nankin shahri Jamoat xavfsizligi boshqarmasining Axborot va targʻibot departamentiga tashrif amalga oshirildi.
Delegatsiyaga aholi bilan axborot aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha hududiy amaliyotlar, mahalliy OAV va ijtimoiy platformalar bilan ishlash modellari, shuningdek, jamoatchilik bilan muloqot samaradorligini oshirishga qaratilgan raqamli xizmatlarni joriy etish tajribasi taqdim etildi.
Shuningdek, tashrif ishtirokchilari Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi savdoni rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha Hamkorlik platformasiga tashrif buyurdilar.
Uchrashuv davomida hududlararo va idoralararo hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda axborot taʼminotining oʻrni, shuningdek, qoʻshma mediaproyektlar va axborot tashabbuslarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Oʻtkazilgan uchrashuvlar yakunida tomonlar axborot, kommunikatsiya va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohalarida professional muloqotni yanada rivojlantirish, tizimli tajriba almashish va uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlashga boʻlgan oʻzaro manfaatdorliklarini tasdiqladilar.
Zamonaviy global chaqiriqlar sharoitida axborot faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.









