IIV Akademiyasi rahbariyati Buxoro viloyatining kriminogen vaziyati murakkab mahallalarida boʻldi
2025-12-20 10:00:00 / Yangiliklar

Ishchi guruh tomonidan Buxoro shahridagi “Sadriddin Ayniy”, “Ahmad Donish”, “Nizomiy Ganjaviy”, “Shayx-ul olam” hamda Gʻijduvon tumanidagi “Pomoʻza” mahallalarida jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Aytish joizki, Prezidentimizning joriy yil 18-avgustdagi PQ-253-son qarori bilan mazkur mahallalarga tajribali professor-oʻqituvchilar jalb qilindi. Kriminogen vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar ilmiy-amaliy yondashuv asosida oʻrganilib, ularni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Natijada, shu kunga qadar mahallalarda 14 ta xavfsiz koʻcha, 34 ta xavfsiz uy tashkil qilindi. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida hududlarga 130 ta tashvish tugmasi, 891 ta zamonaviy kamera oʻrnatilib, 3600 dan ziyod obyekt texnik qoʻriqlovga olindi.
Aholining huquqiy masʼuliyatini oshirishga qaratilgan profilaktika va targʻibot tadbirlari hamda 13 marotaba jinoyatchilik muhokamasi oʻtkazildi. Muhimi, bu boradagi ishlar ijobiy natija koʻrsatmoqda.
Manzilli oʻrganishlar chogʻida akademiya boshligʻi masʼullar va “mahalla yettiligi” vakillari bilan birma-bir muloqot qildi. Hududlarga joriy qilingan tajribalar, erishilayotgan natijalar va kelgusidagi vazifalar boʻyicha taqdimotlar bilan tanishdi.
Faollarning takliflarini tinglab, kriminogen omillarni bartaraf etish, ayniqsa koʻp sodir etilayotgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasida tavsiyalar berdi.
Ayrim hududlarga qoʻshimcha kuch va vositalarni jalb qilish, aholi gavjum joylar va jinoyat qayd etilishi mumkin boʻlgan nuqtalarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, mahallalarning infratuzilma sharoitini yaxshilash, odamlarning ijtimoiy muammolarni hal qilish zarurligi qayd etildi.
Xizmat safari davomida viloyat Ichki ishlar boshqarmasida tegishli sohaviy xizmat rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va jinoyatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek akademiyani tamomlagan yosh kadrlar faoliyati tahlil qilinib, taʼlim va amaliyot uzviyligini taʼminlashda eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan jihatlar yuzasidan fikr almashildi.
Akademiya boshligʻi akademik litseydagi oʻquv jarayonlari va shart-sharoitlar bilan ham tanishdi.
Jamoa bilan uchrashuvda tizim uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan izchil islohotlar, akademiyada yoʻlga qoʻyilgan ilgʻor yondashuvlar, litseylarda taʼlim sifatini oshirish, yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga eʼtibor qaratildi.
Shu kuni yutuqlarga erishayotgan bir guruh faol oʻqituvchi va oʻquvchilar ragʻbatlantirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati









