Vatan himoyachilari oʻrtasida qoʻl jangi chempionati: kuch, mahorat va hamjihatlik sinovi
2025-12-20 12:00:00 / Yangiliklar

Sport – vatan himoyachisining chinakam hamrohi, murakkab vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qilish, tezkorlik va hamjihatlikni taʼminlovchi kuch. Har yili dekabr oyining soʻngida Quroli Kuchlar harbiy xizmatchilari hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari oʻrtasida “Qoʻl jangi” chempionati oʻtkazilishi anʼanaga aylangan. Joriy yilning 19-dekabr kuni poytaxtimizdagi Yunusobod sport majmuasida tashkil etilgan navbatdagi musobaqaga Ichki ishlar vazirligi mezbonlik qildi.
Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchi va qahramon xodimlar xotirasiga bagʻishlab oʻtkazilgan chempionatni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov ochib berdi. Davlatimiz rahbari tomonidan sportga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, atletlarimizning xalqaro musobaqalarda qoʻlga kiritayotgan yuqori natijalari, aholini sogʻlom turmush tarzi va ommaviy sport turlariga jalb etish boʻyicha erishilayotgan yutuqlar haqida toʻxtalib, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.
Shuningdek, Qoʻl jangi federatsiyasi raisi-Milliy gvardiya qoʻmondoni Rustam Djurayev navbatdagi musobaqaning koʻtarinki ruhiyatda oʻtayotgani, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari sportchi xodimlaridan iborat jamoalarning turnirga munosabati yildan-yilga yuqorilab, oʻzaro qizgʻin kurashlarga boy boʻlayotganligini taʼkidlab oʻtdi.
Chindan ham musobaqada ishtirok etgan har bir sportchi nafaqat oʻz nomi balki xizmat qilayotgan tuzilmasi shaʼni uchun ham bor mahoratini namoyon etdi. Erkaklar oʻrtasidagi janglar 8 vazn toifasida oʻtkazildi va unda yetti jamoa vakillari gʻoliblik uchun kurash olib borishdi. Ishtirokchilarining tezkorligi, aniq harakatlari, shiddat va bardoshini sinovdan oʻtkazgan saralash bahslaridan soʻng, eng kuchli va mahoratlilar final bosqichida yuzma-yuz keldi. Ayrim janglarda tajriba yana oʻz soʻzini aytgan boʻlsa, ayrimlarida tomoshabinlar musobaqaning yangi qiyofalarini kashf etishdi.
Bu yilgi musobaqalarda qizlar oʻrtasidagi janglar ham muxlis va mutaxassislarning eʼtirofiga sazovor boʻlganligini alohida qayd etib oʻtish lozim. Olti vazn toifasida bellashgan qizlar qoʻl jangining oʻziga xos jihatlarini koʻrsatib berishdi.
Chempionatning yakuniy natijalariga koʻra, umumiy hisobda 3-oʻrinni Mudofaa vazirligi va Prezident davlat xavfsizlik xizmati jamoalari, 2-oʻrinni Davlat xavfsizlik xizmati jamoasi qoʻlga kiritdi. Sakkiz vazn toifasida finalga qadar yetib borgan va toʻrt vazn toifasida birinchi oʻringa sazovor boʻlgan Ichki ishlar vazirligi jamoasi esa faxrli birinchi oʻrinni egallagan holda musobaqa gʻolibi deb eʼlon qilindi.
Shu tariqa Ichki ishlar vazirligi musobaqa bayrogʻini Davlat Bojxona qoʻmitasiga topshirdi.









