BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi loyihasi doirasida IIV Ekspert-kriminalistika bosh markaziga texnik vositalar topshirildi
2025-12-16 12:40:00 / Yangiliklar

2025-yil 12-dekabr kuni BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (BMT NJB)ning Mintaqaviy vakolatxonasi ofisida BMT NJB hamda BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan “Terrorizm, oʻqotar qurol va jinoyatchilik oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni oʻrganish: oʻqotar qurol va yengil qurollarning noqonuniy aylanmasi hamda ularni terrorchilarga noqonuniy yetkazib berilishining oldini olish va unga chek qoʻyish” loyihasi doirasida xarid qilingan texnik vositalar toʻplamini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi rahbariyati hamda IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasi vakillari ishtirok etdi. Marosim davomida mazkur tashabbus ballistika laboratoriyasining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, amalga oshirilayotgan ekspertizalar va tadqiqotlar sifatini oshirish, shuningdek, oʻqotar qurol va yengil qurol-yarogʻlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Texnik vositalarning topshirilishi huquqni muhofaza qilish organlarining institutsional salohiyatini oshirishga qaratilgan BMT NJB tomonidan koʻrsatilayotgan barqaror va tizimli qoʻllab-quvvatlashning yana bir yaqqol tasdigʻi boʻldi.
IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasi



