Poytaxt IIBB rahbarining navbatdagi qabuli
2025-12-15 18:10:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, Toshkent shahar ichki ishlar organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan meʼyoriy hujjatga asosan, joriy yilning 27-noyabridan “Har bir murojaatga – adolatli yechim” shiori ostida “Murojaatlar oyligi” oʻtkazib kelinmoqda. Oylik doirasida kuni kecha Toshkent shahar IIBB boshligʻi polkovnik Ravshan Sultanxodjayev tomonidan shahar aholisining murojaatlarini oʻrganish maqsadida navbatdagi shaxsiy qabuli oʻtkazildi.
Unda 55 nafar jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlari tinglanib, hal etish choralari koʻrildi. Oʻrganishlar natijasida murojaatlarning 20 tasi qabulxonaning oʻzida ijobiy yechimini topdi, 2 tasi boʻyicha malakali huquqiy tushuntirishlar berildi. 33 ta murojaatlarda keltirilgan vajlarning kelib chiqish sabablarini aniqlash, atroflicha oʻrganish talab etilgani bois ijrosi boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berilib, aniq ijro muddatlari oʻrnatildi.
Qabul qilingan murojaatlar mazmuniga koʻra: surishtiruv-tergov, mol-mulk va pul mablagʻlarini undirish, ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish va qayta tiklash, ommaviy tadbirlar oʻtkazish, ijtimoiy va iqtisodiy masalalar, yoʻl-transport hodisalarini rasmiylashtirish, oila-turmush doirasidagi nizolar, ichki ishlar xodimlari xizmati bilan bogʻliq masalalarni tashkil etdi.
Bu kabi vakolatli rahbarlarning aholi murojaatlarini tinglash, ularning qonunda belgilangan haq-huquqlarini kafolatlash borasida olib borilayotgan ishlari poytaxt IIBB hududiy tuzilmalar rahbarlari tomonidan ham tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









