Har bir murojaatga alohida eʼtibor: Buxoro viloyati IIB rahbariyatining navbatdagi shaxsiy qabul oʻtkazildi
2025-12-15 13:10:00 / Yangiliklar

Fuqarolarning murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash hamda mavjud muammolarga samarali yechim topish maqsadida, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida rahbariyat tomonidan muntazam ravishda shaxsiy va sayyor qabullar oʻtkazib kelinmoqda.
Shu maʼnoda, tasdiqlangan rejaga asosan, 2025-yil 14-dekabr kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining navbatdagi qabuli tashkil etildi.
Mazkur qabulda viloyatning turli hududlaridan kelgan fuqarolar ishtirok etib, oʻzlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan murojaat qilish imkoniga ega boʻldilar.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan tergov va surishtiruv, ijtimoiy himoya, oilaviy munosabatlar, shuningdek ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq masalalar koʻtarildi.
Har bir murojaat yuzasidan aniq tushuntirishlar berilib, amaliy yordam koʻrsatish choralarini koʻrish masalalari belgilab olindi.
Uchrashuv jarayonida 10 dan ortiq murojaat roʻyxatga olinib, ularning bir qismi joyida ijobiy hal etildi.
Qoʻshimcha tekshiruv va oʻrganishni talab qilgan murojaatlar boʻyicha esa masʼul xizmat va boʻlimlarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosi rahbariyat tomonidan nazoratga olindi.
Shuni alohida qayd etish joizki, bunday qabullar fuqarolar bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, ularning muammolarini eshitish va hal etish orqali ichki ishlar organlari faoliyatining shaffofligini oshirish hamda jamiyatda qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati








