Forish tomonlarda. Purviqor togʻlar diyori
2025-12-14 23:00:00 / Yangiliklar

Jizzax viloyatining qariyb yarmini qamrab olgan, tabiati va tarixi oʻziga xos boʻlgan Forish tumani 1935-yil 9-fevralda tashkil etilgan. 1962-yilda Nurota va Jizzax tumanlari tarkibiga qoʻshib yuborilgan. 1964-yil qayta tiklanib, avval Samarqand, keyin Sirdaryo va 1974-yildan buyon Jizzax viloyati hududiga qoʻshilgan. Maydoni 9,53 ming km2 boʻlgan tuman shimol va shimoli-sharqdan Qozogʻiston, sharqdan Sharof Rashidov, Zafarobod, Arnasoy, Doʻstlik, Mirzachoʻl, janubdan Gʻallaorol, gʻarbdan esa Qoʻshrabot va Nurota tumanlari bilan chegaradosh. Hududda 100 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Forish tumani IIB faoliyati bilan yaqindan tanisharkanmiz, voyaga yetmaganlar boʻyicha katta inspektor-psixolog, leytenant Tilovqobil Ashurov, voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, katta leytenant Muxlisa Qorabekova, xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor, leytenant Sevara Egamberdiyeva, maʼmuriy amaliyot guruhi katta inspektori, katta leytenant Olmos Javqonov, “Oqtom” MFY profilaktika katta inspektori, kapitan Vahob Balhiyev zimmalariga yuklatilgan vazifalarni ado etish bilan bandligiga guvoh boʻldik.
“Yashil” toifadagi “Mustaqillik” mahallasi profilaktika inspektori, kapitan Sardor Esirgapov MFY raisi Norilla Xidirboyev hamda yettilikning boshqa aʼzolari bilan hamkorlikda hudud xavfsizligini taʼminlab kelmoqda.
Mahallamizda 3100 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi, — deydi N. Xidirboyev — 3 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabi va 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti yoshlar tarbiyasiga xizmat qilmoqda.
Aholining asosiy qismi uzumchilik va chorvachilik bilan shugʻullanadi.
Tuman IIBda ustoz-shogird anʼanasi davom etmoqda. Bu jarayon yosh kadrlarning kasbiy kamolotiga katta turtki beradi. Tergov guruhi surishtiruvchisi, leytenant Mirzohid Mahkamov shunday umidli yoshlardan biri. U ustozi — kapitan Temur Hayitov hamda tajribali hamkasblarining amaliy koʻrsatmalari va maslahatlari asosida oʻz bilim va mahoratini izchil ravishda oshirib bormoqda.
Yil boshidan buyon 50 dan ortiq surishtiruv ishini amalga oshirgani esa yosh xodimning xizmatga boʻlgan masʼuliyatli munosabati, fidoyiligi va mehnatsevarligidan darak beradi.
Boʻlimning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi katta mutaxassisi, kapitan Elder Nurqulovning taʼkidlashicha, yil boshidan buyon 2 nafar shaxs Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilinib, mamlakatimiz fuqarolari safidan joy oldi.
Bu esa davlatimizda inson huquqlari va manfaatlarini taʼminlash, har bir shaxsning taqdiriga eʼtibor bilan yondashish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasidir.
Shuningdek, 8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan 16 yoshga toʻlgan bir guruh yoshlarga ID-kartalarni tantanali topshirish tadbiri oʻtkazilgani ham bu yilning oʻziga xos ahamiyatli voqealaridan biri boʻldi.
Fidoyi xodimlar har doim osoyishtalik va xavfsizligimiz tayanchi boʻlib kelgan. Ayniqsa, profilaktika katta inspektori, mayor Oybek Urishov, voyaga yetmaganlar boʻyicha inspektor-psixolog, kapitan Umid Eshtayev, katta tezkor vakil, mayor Obid Nurullayev, VSX boshligʻi, podpolkovnik Habibulla Nurullayev, kadrlar bilan taʼminlash guruhi katta inspektori, katta leytenant Shohjahon Salomov, murojaatlar bilan ishlash guruhi katta inspektori, katta leytenant Maftuna Aliyeva kabi xodimlar alohida eʼtirofga loyiq.
Forish tumani nafaqat purviqor togʻlari, betakror manzaralari va tabiiy boyliklari bilan, balki soʻnggi yillarda barcha sohalarda kuzatilayotgan ulkan oʻzgarishlari bilan ham alohida ajralib turadi.
Eng muhimi, bu rivojlanish jarayonida tuman IIB xodimlarining oʻrni beqiyos. Ularning saʼy-harakati tufayli hududda barqarorlik hukm surmoqda.
©️ “Postda” gazetasi, Sarvar Sobirov, Jizzax viloyati.
