Kun va tun posbonlari. Xavfsizlik qalqoni
2025-12-14 07:05:00 / Yangiliklar

Inson sivilizatsiyasining taraqqiyoti bilan birga, xavfsizlikka boʻlgan ehtiyoj ham paydo boʻlgan. Shu tariqa, ilk qoʻriqlash xizmati miloddan avvalgi davrlardayoq qadimgi Misr va Bobilda shakllangani tarixdan maʼlum. Keyinchalik Afina va Rimda davlat qoʻriqchilari shahar darvozalari, saroy va omborlarni qoʻriqlash vazifasini bajargan. Zamonaviy ilk qorovul xizmati esa XVIII asrda London shahrida yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, u tunda shahar mulki va savdo nuqtalarini nazorat qilishga ixtisoslashgan edi.
Bugungi kunda mamlakatimizda obyektlar xavfsizligini taʼminlash borasida yoʻlga qoʻyilgan tizimlar samara bermoqda. Xususan, Andijon viloyati IIB Qoʻriqlash boshqarmasi faoliyati buning yaqqol isbotidir.
— Davlat obyektlari, oʻta muhim va toifalangan inshootlar, shuningdek, fuqarolar hamda tadbirkorlarning mol-mulki ishonchli qoʻriqlanmoqda, — deydi boshqarma Axborot guruhi bosh mutaxassisi, kapitan Muslimbek Ergashev. — Viloyatimizdagi bozorlar, savdo nuqtalari, korxonalar, koʻp qavatli uylar, taʼlim muassasalari, hatto choyxonalar va dorixonalarda ham bizning xodimlar kun-u tun xizmatda. Bu nafaqat mulk xavfsizligini taʼminlaydi, balki hamyurtlarimizda ishonch tuygʻusini mustahkamlaydi.
Oʻtgan yil yakuniga qadar 5037 ta obyekt va 2318 ta xonadon qoʻriqlash tizimiga ulangan boʻlsa, ayni paytda 8608 ta obyekt va 6449 ta xonadon ishonchli qoʻriqqa olingan. Demak, himoya qamrovi mos ravishda 60 va 40 foizga oshgan. Bu esa aholi va tadbirkorlar tomonidan tizimga boʻlgan ishonchning ortayotganidan darak beradi.
Qoʻriqlash xizmati faoliyatida zamonaviy texnika va innovatsion yechimlar muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda boshqarma tasarrufida 392 ta kuzatuv kamerasi, 420 ta signalizatsiya tizimi hamda 16 ta monitoring markazi mavjud. GPS tizimlari, videoregistratorlar va bodikameralar yordamida real vaqtda nazorat olib boriladi. Bu tizim faqat sodir boʻlgan hodisaga javob berish emas, balki uning oldini olish imkonini ham yaratadi.
Har qanday texnik vosita inson aql-zakovatiga tayanadi. Shu bois kadrlar malakasini oshirish hamma vaqt muhim ahamiyat kasb etgan. Yil davomida 300 nafar xodim malakasini oshirib, yangi texnologiyalar va qonunchilikdagi oʻzgarishlar boʻyicha bilim olmoqda. Ular nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki huquqiy savodxonlik boʻyicha ham muntazam oʻqitiladi. Bu esa faoliyat samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
— Qoʻriqlash xizmatidan foydalana boshlaganimizdan buyon koʻnglimiz xotirjam, — deydi Andijon shahridagi «Vella Elegant Cafe» MCHJ rahbari Hayotbek Qozoqov. — Negaki, yillar davomida misqollab yiqqan mulkimizni har kimga ham ishonib boʻlmaydi. Buning uchun kafolatli va sifatli xizmat turigina bizni xotirjam qila oladi. Qoʻriqlash xizmati xodimlari masʼuliyat va javobgarlik bilan ishlaydi, texnik kuzatuv tizimlari esa tinimsiz faoliyatda. Bu men uchun ham, ishchilar uchun ham katta ishonchdir.
Saminjon HUSANZODA, oʻz muxbirimiz.
Andijon viloyati.
