IIV Akademiyasi boshligʻi Chirchiq shahridagi “Iqbol”, “Hamza” va “Kimyogar” mahallalarining kriminogen vaziyati bilan tanishdi
2025-12-13 09:50:00 / Yangiliklar

Oʻrganishlar davomida Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish toʻgʻrisidagi PQ-1-son hamda bu boradagi tizim natijadorligini oshirishga qaratilgan PQ-253-son qarorlari ijrosiga eʼtibor qaratildi.
Akademiya boshligʻi masʼullar va “yettilik” tizimi vakillari bilan birgalikda mahallalardagi real holat boʻyicha muloqot qildi. Jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ularning axborotini tingladi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Huquqbuzarlik sodir etilishi mumkin boʻlgan joylar zamonaviy kamera va tashvish tugmalari bilan taʼminlanib, xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda. Bundan tashqari, aholi oʻrtasida profilaktika va huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazilib, akademiya kursantlari jamoat tartibini saqlashga jalb etilmoqda.
Akademiya boshligʻi fuqarolarni tashvishga solayotgan ijtimoiy muammolarni oʻz vaqtida hal etish jinoyatchilikni jilovlashga xizmat qilishini aytib oʻtdi. Shu bois, aholi, ayniqsa yoshlarning bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrish, oilalardagi maishiy nizolarni bartaraf etish, ijtimoiy profilaktika obyektlari bilan tizimli ravishda ishlash zarurligini taʼkidladi.
Uchrashuvlar chogʻida koʻp qayd etilayotgan jinoyatlar ham muhokama markazida boʻldi. Xususan, oʻgʻrilik va qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish jinoyatlarining salmogʻi yuqori ekanligi aytilib, masʼullarga har bir huquqbuzarlikning asl omillarini aniqlash, sabab va sharoitlarini bartaraf etish, gʻayriijtimoiy xulq-atvorga ega, jinoyat sodir etish va undan jabrlanish ehtimoli yuqori boʻlgan shaxslar bilan profilaktik ishlarni kuchaytirish borasida topshiriq berildi.
Shu kuni “jinoyat oʻchoq”lari sifatida baholangan hududlarga qoʻshimcha kuch va vositalarni yoʻnaltirish, ayrim koʻngilochar, savdo va ovqatlanish maskanlarida oʻrnatilgan kameralarni xavfsizlik tizimlariga integratsiya qilish, ijarada turuvchi talabalar oʻrtasida profilaktik tadbirlar qamrovini oshirish, mahallalarda xavfsiz koʻcha va uylarni tashkil qilish, texnik va jismoniy qoʻriqlovga olishni jadallashtirish, “mahalla yettiligi” aʼzolariga metodik yordam koʻrsatish hamda boshqa yoʻnalishlar boʻyicha dolzarb vazifalar belgilab olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati








