Oʻzbekistonda “CHAMPS” tashabbusi
2025-12-12 23:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida BMT Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (NJB) “CHAMPS” tashabbusining Oʻzbekistonda rasmiy ishga tushirilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
“CHAMPS” tashabbusining asosiy maqsadlari — davlat va nodavlat tashkilotlarni bolalar orasida zararli xulq-atvor shakllanishining oldini olishda, erta profilaktika choralari samaradorligini oshirishda, hayotiy va ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirishda yagona va integratsiyalashgan profilaktika tizimi doirasida birlashtirishdir.
Ushbu tashabbusda xavf guruhi roʻyxatida turuvchi bolalarga alohida eʼtibor qaratiladi.
Oʻzbekistonda “CHAMPS” tashabbusining birinchi pilot hududi sifatida poytaxtimizning Sergeli tumani belgilandi.
Ushbu tumanda BMT NJB mahalliy hamkorlar bilan birgalikda bolalarni qoʻllab-quvvatlovchi mavjud profilaktika infratuzilmalarini baholash, tashabbusning samaradorligini oshirish va bolalarning sogʻlom rivojlanishida asosiy parametrlarni ishlab chiqish choralarini oʻrganmoqda.
Tadbir yakunida tomonlar Oʻzbekistonda “CHAMPS” tashabbusini amaliyotga joriy etishga oid rasmiy hujjatlarni imzolashdi.
©️ “Postda” gazetasi
