Aralash jang sanʼatlari (MMA) sport turi boʻyicha kattalar oʻrtasida Toshkent viloyati chempionati boʻlib oʻtdi
2025-12-12 10:00:00 / Yangiliklar

Oktagonda sportchi yoshlar va ichki ishlar organlari xodimlari 12 vazn toifasida kuch sinashib, mahorat, bardosh va qatʼiyatlarini sinovdan oʻtkazdilar.
Har bir vazn toifasida ishtirokchilar kuchli raqobat namoyish etdilar. Jumladan, 54 kg vazn toifasida Aziz Qodirov va Abdulla Umirov oʻrtasidagi jang yuqori surʼatda kechib, Qodirov ishonchli gʻalabaga erishdi. 61,2 kilogrammda esa Muhammad Komiljonov va Odilbek Qiyomov oʻz mahoratlarini namoyish etib, jang Komiljonov foydasiga hal boʻldi.
65,8 kg toifasida Xojiakbar Poʻlatov va Mirsobit Murodov oʻrtasidagi uchrashuvda Murodov ustunlik qozondi. 70 kilogrammda Azim Nishonov va Timur Abdullayev oʻrtasidagi bahsda Nishonov gʻolib boʻldi.
Ayniqsa, 93 kg vazn toifasida Hayot Joʻraboyev va Sindor Bahriddinovlarning keskin va murosasiz jangi tomoshabinlarni hayajonga soldi.
Uchrashuv Joʻraboyevning aniq va kuchli zarbasi bilan yakunlandi. Shu bilan birga, 97+ vazn toifalarida ham yuqori saviyadagi janglar kuzatildi.
Gʻolib sportchilar va sovrindorlarga Toshkent viloyati IIBB masʼullari tomonidan diplom, kubok va esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur musobaqa kelgusida ham davom ettirilib, aralash jang sanʼatlari boʻyicha iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Ushbu sport turining ommalashib borayotgani, federatsiya faoliyatining kuchaytirilishi hamda uning rahbari etib Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining saylanishi bu yoʻnalishga davlat darajasidagi eʼtiborni yaqqol koʻrsatadi.
Yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, sportga qiziqishni oshirish hamda xodimlarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligini mustahkamlash maqsadida Nurafshon shahrida aralash jang sanʼatlari boʻyicha Toshkent viloyati “IIBB boshligʻining kubogi” musobaqasi oʻtkazildi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati








