Oʻzbekiston Interpol Milliy markaziy byurosi "CITES CoP20" tadbirlarida ishtirok etdi
2025-12-10 15:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 24-noyabrdan 5-dekabrgacha “Silk Road Samarkand” turistik majmuasi Ekspomarkazida yoʻqolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi konvensiya (CITES CoP20) ishtirokchilarining 20-konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Samarqand Markaziy Osiyoda ushbu Konvensiyaning bu kabi yirik miqyosli tadbirini qabul qilgan birinchi maydonga aylandi.
Tadbirda 184 ta davlat va Yevropa Ittifoqidan 3000 dan ortiq delegatlar, shuningdek, davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va nodavlat sektor vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyaning asosiy eʼtibori yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan turlar savdosini tartibga solish boʻyicha xalqaro mexanizmlarni takomillashtirish, bioxilma-xillikni saqlashga qaratilgan global choralarni kuchaytirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.
Ochilish marosimida BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, BMTning Atrof muhit boʻyicha dasturi ijrochi direktori Inger Andersen, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim oʻzgarishi boʻyicha milliy qoʻmita raisi Aziz Abduhakimov hamda CITES Bosh kotibi Ivonna Iguero nutq soʻzladi.
Forum doirasida Oʻzbekistonning TRAFFIC, INTERPOL, Fauna & Flora International kabi xalqaro hamkorlar bilan oʻzaro hamkorligi, shuningdek, CAMI, CADI va Ramsar tashabbuslarida ishtirok etishi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Konferensiya doirasida Markaziy Osiyo davlatlari — Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston tomonidan Samarqand deklaratsiyasi imzolandi.
U hududda yovvoyi tabiat obyektlari bilan noqonuniy savdoga qarshi kurashda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi. Deklaratsiya va 2026–2032-yillarga moʻljallangan Harakatlar rejasi milliy tezkor guruhlarni tashkil etish, operativ maʼlumot almashinuvini kengaytirish, shuningdek, noqonuniy savdoga qarshi mintaqaviy tarmoqni shakllantirishni oʻz ichiga oladi.
Yovvoyi tabiatga qarshi jinoyatlarga qarshi kurashda Interpolning muhim roli hisobga olingan holda, Konferensiyada Jinoyat politsiyasi xalqaro tashkiloti Interpol Bosh kotibiyati va Oʻzbekiston Respublikasi Interpol MMB vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvlarda amalga oshirilgan qoʻshma tadbirlar natijalari, shuningdek, brakonyerlik, noqonuniy savdo va transmilliy jinoiy tarmoqlarni toʻxtatishni oʻz ichiga olgan ekologik jinoyatchilikka qarshi
IIV Interpol MMB xodimlari tomonidan ekologik jinoyatlarni toʻxtatish boʻyicha xalqaro maxsus operatsiyalarga bagʻishlangan videomateriallar, tarqatma materiallar va konferensiya ishtirokchilari hamda OAV vakillari uchun axborot mazmunlari oʻrin olgan tematik stend taqdim etildi.
Interpol mexanizmlaridan foydalanish orqali mintaqaviy va xalqaro darajada ekologik jinoyatlarga qarshi kurashda huquqni muhofaza qilish va nazorat idoralari salohiyatini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
«CITES CoP20 12 kunlik sermazmun dasturni oʻz ichiga oldi. U plenar majlislar, Konvensiya ilovalariga oʻzgartishlarni muhokama qilish, tematik tadbirlar va yuqori darajadagi uchrashuvlardan iborat boʻldi.
Konferensiya tajriba almashish, qoʻshma tezkor chora-tadbirlarni muhokama qilish va milliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim maydonga aylandi.
Unda noqonuniy daraxt kesish, brakonyerlik, noqonuniy savdo hamda umumiy ekologik jinoyatlarga qarshi kurash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.»
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Interpol MMB






