“Yoshlar orasida jinoyat: 1-bosqich talabalar 2600 ta dozaga teng boʻlgan jami 520 gramm "oʻlim dorisi" bilan qoʻlga tushdi!”
2025-12-07 18:00:00 / Yangiliklar

“Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli profilaktik tadbiri doirasida narkokuryerlik bilan shugʻullanib kelgan oliy taʼlim muassasasi 1-bosqich talabalari ushlandi.
Joriy yilning 4-dekabr sanasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhaga koʻra, ushbu talabalardan biri tezkor xodimlar tomonidan qoʻlga olinadi va bayonnoma rasmiylashtirilayotgan vaqtda shu hududdan oʻtayotgan fuqaro tomonidan olingan videotasvir omma orasida tarqab ketadi.
Yashnobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, 2 nafar talaba xolislar ishtirokida tekshirilganda,yonidan 120 gr Alfa PVP sintetik giyohvand moddalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, 2007-yilda tugʻilgan talabaning vaqtincha yashab kelayotgan universiteti yotoqxonasi koʻzdan kechirilganda 400 gr Alfa PVP sintetik giyohvand moddalari borligi aniqlangan.
Maʼlum boʻlishicha, bu 2 talaba ushbu sintetik giyohvand moddalarni tanishi tashlab bergan geolokatsiyalardan olib, universitet yotoqxonasida dozalarga qadoqlab, aytilgan lokatsiyalarga yuborishgan.
Tezkor tadbirlar natijasida bir marotabalik 2600 ta dozaga teng boʻlgan jami 520 gr sintetik giyohvand moddalarining noqonuniy muomalasi oldi olindi.
Mazkur holat yuzasidan ushbu narkokuryer talabalarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga koʻra 10-yildan 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qoʻllanilgan.
Shuningdek, sintetik giyohvandlik vositalarining manbaini hamda qolgan jinoiy sheriklarini aniqlash maqsadida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor tadbirlari davom ettirilmoqda.
Bir lahzalik xato butun umrga dogʻ boʻlishi, bir notoʻgʻri qadam butun boshli taqdirlarni izdan chiqarishi mumkin.
Shuning uchun narkojinoyatlarni erta aniqlash, ularning oldini olish va talabalarni ogohlikka chorlash — taʼlim muassasalari, ota-onalar va jamiyatning umumiy masʼuliyatidir.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti





