Sohaviy xizmatlarda. Hushyorlik xavfsizlikni taʼminlaydi
2025-12-07 18:15:00 / Yangiliklar

Toshkent xalqaro aeroporti nafaqat mamlakatning poytaxti bilan xalqaro havo aloqasini taʼminlaydi, balki yurtimiz iqtisodiyoti va turistik salohiyatini rivojlantirishda ham muhim oʻrin tutadi.
Statistikaga murojaat qiladigan boʻlsak, Toshkent shahri aeroportlari 2025-yilning 10 oyi davomida 65939 ta reysni amalga oshirgan boʻlib, 8260452 nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan. Shundan xalqaro aeroport orqali 25759 ta reyslarda 3551065 nafar yoʻlovchi kuzatildi, 25668 ta reysda esa 3553250 nafar yoʻlovchi kelgan.
Xavfsizlik choralari aeroport faoliyatining asosiy ustunlaridan biri hisoblanadi. Yoʻlovchilar, ekipaj va aeroport hududining xavfsizligini taʼminlash maqsadida zamonaviy nazorat tizimlari joriy etilgan, patrul xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan va boshqa choralar koʻrilgan. Sohaviy xizmat xodimlari yoʻlovchilarning tinchligi va xavfsizligini taʼminlashda alohida ahamiyatga egadir.
Joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida Toshkent shahri aeroportlarida xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi PPX otryadi xodimlari tomonidan 4883 nafar shaxs bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.
Huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar haqida kelib tushgan maʼlumotlar asosida ular navbatchilik qismiga topshirildi. Ularning 1093 nafariga maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, qonuniy choralar koʻrildi. Shuningdek, jinoyat sodir etib, qidiruvda boʻlgan 6 nafar shaxs qoʻlga olingan va 1 nafar bedarak yoʻqolgan fuqaro topilgan. Toshkent shahri aeroportlarida olib borilgan “Tigʻ” profilaktik tadbiri davomida 8 nafar fuqaro yonidan oʻtkir tigʻli jism topilib, maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlar bilan bogʻliq turli vaziyatlar ham roʻy berib turadi. Yaqinda shunday holatlardan biri Toshkent mahalliy aeroportida yuz berdi.
Oʻzbekistonga sayyoh sifatida kelgan falastinlik Xaliliya Zoabi ismli ayol xayol bilan ichida puli, qimmatbaho buyumlari boʻlgan qoʻl sumkasini aeroportda unutib qoldiradi. Hududda xizmat olib borayotgan Toshkent shahri aeroportlarida xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi PPX otryadi safdor xodimi Farrux Olimov sumkani topib oladi.
Oradan taxminan bir soat oʻtgach, xavotirlangan holda sayyoh aeroportga qaytadi va sumkasini yoʻqotib qoʻyganini maʼlum qiladi. Xodimlar topilgan sumkani qonuniy tartibda egasiga topshirishadi.
Sayyoh sumkani ochib koʻrganida, undagi 45 ming AQSH dollari, bir dona uyali telefon apparati, qimmatbaho taqinchoqlari — jami taxminan 80 ming AQSH dollari qiymatidagi buyumlarning hech biri yoʻqolmaganini koʻrib, bu halollikdan taʼsirlanib, koʻzlariga yosh keldi.
Darhaqiqat, xodimlarning hushyorligi va halolligi nafaqat yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlaydi, huquqbuzarliklarni bartaraf etadi, balki ularning fidoyi xizmati orqali mamlakatimiz xalqaro maydonda xavfsiz va ishonchli davlat sifatida eʼtirof etilishiga ham alohida hissa qoʻshadi. Ana shunday voqealar orqali yurtimizning obroʻsi va nufuzi yanada mustahkamlanadi.
©️ “Postda” gazetasi, Adolat Fayziyeva.
