Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligi doirasida navbatdagi profilaktik uchrashuv oʻtkazildi
2025-12-07 09:00:00 / Yangiliklar

Shayxontohur tumanida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Milliy kino sanʼat saroyida poytaxtimizda davom etayotgan keng qamrovli profilaktik tadbir: “Xavfsiz va sogʻlom yurt” oyligi doirasida Toshkent shahar IIBB boshligʻi hamda shahar prokurorining birinchi oʻrinbosari ishtirokida dolzarb va muhim mavzuga bagʻishlangan katta tadbir oʻtkazildi.
Tadbirga poytaxt tumanlari IIO FMB Probatsiya hamda profilaktika xizmatlari roʻyxati va nazorati ostida turuvchi shaxslar taklif etildi.
Yigʻilishdan koʻzlangan maqsad ularning muammolari bilan tanishib, birgalikda hal etish, savollariga huquqiy javob izlash, qayta jinoyat yoki huquqbuzarliklar qilishdan qaytarish, toʻgʻri yoʻlni tanlashda qoʻllab-quvvatlashga qaratildi.
Ishtirokchilar oldida soʻzga chiqqan Toshkent shahar IIBB boshligʻi, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev oʻz maʼruzasida yigʻilganlar diqqatini profilaktik hisobda turuvchi shaxslar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar salmogʻining oshib borayotgani, jumladan takroriy jinoyatlarning sodir etilayotgani faktlariga qaratdi.
Bu haqdagi tahlillarga tayanib, raqamli hamda aniq daliliy misollarni ishtirokchilar diqqatiga taqdim etdi.
Shuningdek, muqaddam sudlanganlar oʻrtasida jinoyatchilikni oldini olish borasida ichki ishlar organlari, “mahalla yettiligi” hamkorligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy profilaktik tadbirlarga qaramay, qilmishidan tegishli xulosa chiqarmay, toʻgʻri yoʻlni, halol va sogʻlom turmush tarzini tanlash oʻrniga jinoyatga qoʻl urayotgan shaxslarni ham misol keltirdi.
Bu kabi berilgan imtiyoz va afzalliklardan toʻgʻri foydalanish oʻrniga bildirilgan ishonchni suiisteʼmol qilib kelayotgan shaxslarning qayta sodir etgan jinoiy qilmishlariga urgʻu berildi.
Shular qatorida ichki ishlar organlari nafaqat jazolovchi balki tuzalish yoʻliga oʻtgan, sogʻlom turmush tarzini tanlagan, qonunga hurmat bilan qaragan shaxslarni qoʻllab-quvvatlovchi, xayrixoh idora ekanligini taʼkidlab, jazo shartlarini yengilrogʻiga oʻzgartirish, sobiq mahkumlarni ijtimoiy hayotga moslashuvini taʼminlovchi, dastlabki moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatishdagi faoliyati ham koʻrsatib oʻtildi.
Soʻzga chiqqan shahar prokurorining birinchi oʻrinbosari Anvar Oʻrmonov oʻz nutqida davlat idoralarining asosiy maqsadi jazolash emas, balki jinoyat sodir etgan shaxslarni tuzalish yoʻliga qaytarish, hayotini iziga tushirishi uchun sharoit yaratib berish va jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi boʻlishi uchun yana bir imkoniyat berish ekanligini taʼkidladi.
Bundan har bir shaxs unumli foydalanishi, davlat tomonidan bildirilgan ishonchni suiisteʼmol qilmasligi va toʻgʻri yoʻlni tanlashi lozimligini, tanlov har bir shaxsning oʻz qoʻlida ekanligini taʼkidladi.
Shundan soʻng uchrashuvning ikkinchi qismiga – ochiq muloqotga oʻtildi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiynayotgan muammolar va murojaatlari bilan mutasaddilarga yuzlandilar.
Har bir murojaat tinglandi va hal etish yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berildi.
Soʻng shu zalning oʻzida sayyor sud majlisi boʻlib oʻtdi. Sudlar tomonidan sohaviy xizmat vakillarining tuzalish yoʻliga oʻtgan, xatosiga chin pushaymonlik bildirgan, toʻgʻri va halol mehnatni tanlagan bir necha mahkumlar boʻyicha tayyorlangan taqdimnomalari koʻrib chiqilib, ular jazo muddatlaridan shu yerning oʻzida shartli ravishda ozod etildilar.
Sud tomonidan belgilangan jazoni oʻtashdan boʻyin tovlagan shaxslarning ishi ham sayyor sudda koʻrib chiqildi va ularga nisbatan tayinlangan jazo ogʻirrogʻiga almashtirildi.
Bu ezgu xayrli tadbir probatsiya hamda profilaktik hisobda turuvchi, nazorat ostida boʻlgan shaxslarning qonunchiligimizga hurmat, adolatga ishonchini mustahkamlash, jamiyat hayotiga moslashish, toʻgʻri yoʻl orqali oʻz baxtli kelajagini yaratish imkonini berish bilan birga zulmatga emas nurga intilishida yoʻlchiroq boʻlib xizmat qilishiga shubha yoʻq.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati









