Ichki ishlar organlarini takomillashtirishga qaratilgan Maslahatlashuv kengashi oʻz faoliyatini boshladi
2025-12-07 02:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, Jamoatchilik kengashi aʼzolari, sohaviy xizmatlar masʼullari, ichki ishlar organlarida koʻp yillik tajribaga ega faxriylar hamda Akademiyaning professor-oʻqituvchilari ishtirokida ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va tizimdagi dolzarb masalalarni muhokama qilishga bagʻishlangan Maslahatlashuv kengashi oʻz ishini boshladi.
Tadbirda ichki ishlar organlarining bugungi holati, amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birga, tizim faoliyatini takomillashtirish masalalari hamda mavjud muammolar atroflicha muhokama qilindi, ichki ishlar organlari faoliyatini samaradorligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalarga toʻxtalib oʻtildi.
Tashkil etilgan davra suhbati ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurroq oʻrganish, mavjud muammolarni tanqidiy tahlil qilish va istiqboldagi vazifalarni belgilashda muhim maydon boʻlib xizmat qildi. Suhbat davomida xizmat samaradorligini oshirish, xodimlarning kundalik faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlashda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ishtirokchilar taʼkidlaganidek, tizim zimmasiga yuklangan vazifalar mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashdek katta masʼuliyatni talab etadi. Shu bois har bir xodimning bilim va kasbiy mahoratini oshirish, xizmat intizomiga rioya qilishni qatʼiy nazorat qilish, qonunchilik talablarini mukammal oʻzlashtirish hamda aholi bilan ochiq va samimiy muloqot oʻrnatish bugunning asosiy vazifalari sifatida belgilangan.
Yosh kadrlar bilan ishlash masalasi ham suhbatning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻldi. Zamonaviy talablarga javob beradigan, yetuk va malakali mutaxassislarni tayyorlash, ularda kasbga sadoqat va masʼuliyat hissini shakllantirish, ijtimoiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish — tizim rivojining asosiy omillaridan ekani qayd etildi.
Davra suhbatida bildirilgan har bir taklif, har bir mulohaza amaliyotda oʻz aksini topishi kutilmoqda. Faxriylar tajribasi, professor-oʻqituvchilarning ilmiy xulosalari, tajribali rahbar xodimlarning amaliy takliflari tizimni yanada rivojlantirishda mustahkam poydevor vazifasini oʻtaydi.
Tadbirda ishtirok etgan tajribali faxriylar oʻzlarining yillar davomida orttirgan amaliy tajribalari bilan oʻrtoqlashib, ichki ishlar organlari faoliyatini yanada samarali tuzilmaga aylantirish boʻyicha qator muhim taklif va tavsiyalarni bildirdilar.
Tadbir yakunida Maslahatlashuv kengashi muntazam ravishda tashkil etilishi belgilandi hamda bu kabi ochiq muloqot tizimdagi islohotlarni yanada takomillashtirish, yosh kadrlarni qoʻllab-quvvatlash va ichki ishlar organlarining nufuzini oshirishda muhim omil boʻlib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.






