Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan Namangan tumanida oʻrganish ishlari olib borildi
2025-12-06 11:50:00 / Yangiliklar

Hududlarda jinoyatchilikning oldini olish va mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish ichki ishlar organlari xodimlarining ustuvor vazifasi hisoblanadi. Shu maqsadda ularning xizmat samaradorligini oshirish yoʻlida tizimli amaliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, boshqarma boshligʻi tomonidan Namangan tumanida tuman hokimi va prokurori ishtirokida oʻrganish ishlari olib borildi.
Oʻrganishlar dastlab “Navroʻz” mahallasida boshlanib, unda profilaktika inspektorining xizmat faoliyati, shuningdek, mazkur hududda sodir etilgan oʻta ogʻir turdagi oila-turmush doirasidagi jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Muhokama davomida bu kabi jinoyatlarning oldini olishda aholi bilan muntazam muloqotda boʻlish, ularning muammolarini oʻz vaqtida oʻrganib borish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tuman IIB xodimlarining joriy yil davomida amalga oshirgan faoliyati, jumladan, “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli profilaktik tadbirlari natijalari tanqidiy ruhda tahlil qilinib, har bir sohaviy xizmat rahbariga kelgusidagi vazifalar belgilab berildi.
Mazkur oʻrganishlar hududlarda xizmat samaradorligini oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish choralarini takomillashtirish hamda mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirishga xizmat qiladi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati






