IIV Akademiyasi masʼullari tomonidan Navoiy viloyatining kriminogen vaziyati ogʻir mahallalari manzilli oʻrganildi
2025-12-06 11:45:00 / Yangiliklar

Taʼlim muassasasi vakillari dastlab Karmana tumanidagi “Beshkent” va “Argʻun”, soʻngra Xatirchi tumanidagi “Navbahor”, Tomdi tumanidagi “Sharq” mahallalarida boʻldi. Mahalla raisi boshchiligidagi yettilik aʼzolari bilan uchrashuvda jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Masʼullar mazkur hududlarda Prezidentimizning bu boradagi qarori, “yoʻl xarita”larda belgilab olingan chora-tadbirlar ijrosi bilan tanishdi. Qarorga koʻra olib borilgan dastlabki oʻrganishlardan to shu kungacha mahallalar hududida bir nechta “jinoyat oʻchoq”lari aniqlangan. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida ushbu joylarda yuzga yaqin zamonaviy kamera, 130 dan ortiq tashvish tugmasi oʻrnatilib, koʻplab obyekt texnik qoʻriqlovga olingan.
Muloqot chogʻida “yettilik” vakillariga jinoyatchilikning sabab va sharoitlarini bartaraf etish, aholining bandligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, yoshlar bilan maqsadli ishlash, maishiy-turmush doirasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek xavfsiz uy va koʻchalarni tashkil etish, hududlarni kameralashtirish, texnik va jismoniy qoʻriqlovga olishni jadallashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati







