Ekologiyani muhofaza qilish choralari jadallashmoqda
2025-12-06 09:00:00 / Yangiliklar

Masʼul idoralar va huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Toshkent viloyati tumanlarida issiqxonalardagi qozonlarga filtr oʻrnatilmaganligi natijasida atmosfera havosini ifloslantirayotganligi holatlari oʻrganildi.
Oʻrganishlar davomida Toshkent tumani “Sabzavot“ mahallasida joylashgan issiqxonalar koʻzdan kechirilib, havo ifloslanishiga sabab boʻlayotgan omillar bartaraf etildi hamda issiqxona rahbarlariga belgilangan tartibda koʻrsatmalar berildi.
Mutaxassislar tomonidan issiqxona egalariga ekologiyaga zarar yetkazmaslik maqsadida yonilgʻi ishlatish talablari, oʻrnatilishi shart boʻlgan filtr qurilmalarining belgilangan meʼyorlari, shuningdek chiqindilarni belgilangan tartibda yoʻq qilish boʻyicha zaruriy tushuntirishlar berildi.
Atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan ekologik omillar boʻyicha monitoring va atmosfera havosini ifloslantirishga qarshi kurashi boʻyicha hamkorlikdagi tadbirlar boshqa hududlarda ham davom ettirilmoqda.









