Ichki ishlar vazirligining Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Bilim – himoya, befarqlik – xavf!” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi
2025-12-04 21:45:00 / Yangiliklar

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1988-yildagi qaroriga asosan, 1-dekabr sanasi Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni sifatida belgilangan. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida joriy yilning 3-dekabr kuni “Bilim – himoya, befarqlik – xavf!” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Ushbu tadbirda maktab-internatining pedagog xodimlari, 8 va 9-sinf oʻquvchilari hamda Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazi Uslubiy profilaktika va epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etish boʻlimi mudiri Zoyirov Maxamatjon Zoyirovich ishtirok etdi. OITS deb ataluvchi dahshatli kasallik epidemiyasining tarqalishi va shu kungacha davosi topilmaganligi uning XX asr vabosi deb atalishiga sabab boʻlganligini, bu illat XXI asrda ham oʻz yechimini topmaganligi aytib oʻtildi. Shuningdek, tadbir davomida OITSning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, xavfsizlik choralari va profilaktika haqida maʼlumot berildi.
Tadbir davomida oʻquvchilar uchun mavzuga oid videolavha namoyishi, interaktiv savol-javoblar, munozaralar, psixologik ogohlik mashgʻulotlari, OIVning oldini olish boʻyicha maʼruza va tavsiyalar taqdim etildi. Shuningdek, OITSga qarshi kurashning jahon miqyosidagi ahamiyati, Oʻzbekiston Respublikasida ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi. Tadbirda maktab-internatning biologiya fani oʻqituvchisi Xalliyeva Nargiza Ismailovna tomonidan “Hayot daraxti” va “Xavfsiz yoʻlni tanla” interaktiv oʻyinlari tashkil etildi. Oʻquvchilar ushbu oʻyinlarda faol ishtirok etishdi va mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar. Tadbir yakunida oʻquvchilarga profilaktika boʻyicha eslatmalar, sogʻlom turmush tarziga oid tavsiyalar berildi.
Mazkur tadbir oʻquvchilarda OIV/OITSga oid asosiy tushunchalarni shakllantirish, oʻz sogʻligiga masʼuliyat bilan yondashish, salbiy oqibatlarga olib keluvchi xatti-harakatlardan uzoq boʻlishga undashga xizmat qildi.






