Konstitutsiya kuni munosabati bilan kuch tuzilmalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyinlarida Buxoro viloyati IIB jamoasi mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi
2025-12-04 18:30:00 / Yangiliklar

Yosh harbiy xizmatchilar hamda xodimlarning intellektual va professional bilim darajasini, maʼnaviy-axloqiy saviyasini muntazam ravishda oshirib borish, bu borada salohiyatli xodimlarga iqtidorlarini namoyish etishlari uchun shart-sharoitlarni yaratish va ularni munosib ravishda ragʻbatlantirish, shuningdek, ularda ilmni qadrlash va kitob oʻqishga boʻlgan havasni orttirish, bilim olishga intilish kabi tushunchalarni mustahkamlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33-yilligi bayrami munosabati bilan Buxoro viloyatidagi kuch tuzilmalari yosh harbiy xizmatchilari va xodimlari oʻrtasida Buxoro viloyati harbiy prokurori kubogi uchun “Zakovat” intellektual oʻyinlari oʻtkazildi.
Bellashuvda 7 ta jamoa tarkibida 42 nafar yosh harbiy xizmatchi va xodimlar ishtirok etib, 2 bosqichdan iborat shartlar asosida bellashdilar.
Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslarning yakuniy natijalariga koʻra:
3-oʻrinni viloyat Milliy gvardiyasining “Yosh gvardiyachilar” jamoasi;
2-oʻrinni 7536 harbiy qismning “Imperiya” jamoasi;
1-oʻrinni esa Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining “Matonat” jamoasi qoʻlga kiritdi.
Tadbir yakunida, gʻolib va sovrindorlarga viloyat harbiy prokurori tomonidan diplom, kubok hamda qimmatbaho sovgʻalar tantanali ravishda topshirildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









