Buxoro viloyati IIB rahbariyati tomonidan Buxoro shahrida tungi faoliyat, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari oʻrganildi
2025-12-03 10:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 207-sonli farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek 20-noyabrdan 20-dekabrgacha respublika boʻylab oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktika tadbirining uchinchi bosqichi hamda viloyatda davom etayotgan “Xavfsiz hudud – dolzarb 50 kunlik” maxsus dasturi doirasida Buxoro viloyati hokimi boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan qator obyektlarda oʻrganishlar oʻtkazildi.
Ushbu oʻrganishlarning asosiy maqsadi, xalq osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, shu bilan birga energetika korxonalarida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklar, talon-toroj holatlari va boshqa xavf-xatarlarning oldini olishdir. Shu munosabat bilan ishchi guruh tomonidan energetika obyektlarida xavfsizlik choralarining real holati, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimi hamda qonunchilik talablariga rioya etilishi holati oʻrganildi.
Dastlab, “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning “Tezkor dispetcherlik xizmati” faoliyati koʻzdan kechirildi. Hududlarda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish, transformatorlar va kabel tarmoqlariga tajovuz kabi holatlarning oldini olish boʻyicha masʼullarga qatʼiy topshiriqlar berildi. Shuningdek, aholining murojaatlarini tezkor koʻrib chiqish hamda huquqbuzarliklar oqibatida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan avariyaviy vaziyatlarning oldini olish mexanizmlari muhokama qilindi.
Keyingi manzil sifatida “Hududgaz Buxoro” gaz taʼminoti filiali faoliyati oʻrganildi. Gaz tarmoqlarida noqonuniy ulanishlar, talon-toroj, gaz ballonlaridan nosoz foydalanish oqibatida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan xavfli hodisalarning oldini olish masalalari koʻrib chiqildi. Dispetcherlik xizmati hamda 24/7 ishlaydigan “Call-markaz”ning aholiga xizmat koʻrsatish sifati ham tahlil qilinib, muammoli murojaatlar boʻyicha aniq choralar belgilandi.
Oʻrganishlarning yakuniy bosqichi “Buxoroenergomarkaz” AJda davom etdi. Korxona tomonidan koʻp qavatli uylar, aholi xonadonlari va ijtimoiy obyektlarga issiqlik energiyasi yetkazib berish jarayoni oʻrganilib, tizimdagi uzilishlar, texnik kamchiliklar va ehtimoliy xavf omillari boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.
Korxonada issiqlik tarmoqlariga noqonuniy ulanishlarning oldini olish, issiqlik energiyasini talon-toroj qilinishiga yoʻl qoʻymaslik va isteʼmolchilarga sifatli xizmat koʻrsatish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilab berildi.
Ishchi guruh tomonidan barcha obyektlarda xavfsizlikni kuchaytirish, qish mavsumida resurslar bilan barqaror taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish hamda aholiga sifatli xizmat koʻrsatishni taʼminlash boʻyicha tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati







