Yoʻl boshida. Sayoq yursang...
2025-12-03 07:30:00 / Yangiliklar

Navoiy viloyati IIB HPB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam koʻrsatish markazida saqlanayotgan bolalarning vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida sport mashgʻulotlari, psixologik treninglar tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarning koʻchada bemaqsad yurmasligi, huquqbuzarlik sodir etmasligi yuzasidan koʻplab targʻibot-nazorat tadbirlari va tungi reydlar oʻtkaziladi.
Dilshod (ismlari oʻzgartirildi) soʻnggi paytlarda ota-onasi bilan tez-tez tortishadigan boʻlib qoldi. Boshi qotgan ota-ona buni oʻsmirlik davridagi jizzakilik deya, unga biroz erkinlik berishga qaror qilishdi. Ammo ish-tashvish deb, nazoratni butunlay yoʻqotib qoʻyganlarini sezmay qolishdi. Endi Dilshod ularning ishonchini suiisteʼmol qilib, xohlasa maktabga darsga borar, biror bekorchi, bebosh sherik topgan kuni esa koʻcha kezardi. Markaz xodimlari bozorda olib borgan nazorat tadbiri chogʻida uni koʻrib qolishdi. Dilshod dars mashgʻulotlariga qatnashish oʻrniga oʻziga oʻxshagan 2 nafar oʻrtogʻi bilan rastalarni aylanib yurardi. Bolalarni markazga olib kelib, ota-onalarini chaqirtirishdi. Ular bilan profilaktik suhbat oʻtkazilib, farzandlari bir yil mobaynida inspektor-psixologlarning monitoring nazoratida boʻlishi aytildi. Shuningdek, bolalarini tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddasiga koʻra javobgarlik belgilandi.
Toʻgʻri, bolalar darsdan qochganini hisobga olmasa, boshqa biror tartibbuzarlik sodir etgani, birovga ozor yetkazgani yoʻq. Lekin bekorchilik ularni huquqbuzarlikka boshlamaydi yoki biror koʻngilsizlikka duchor qilmaydi deb kim kafolat beradi?! Axir «Sayoq yursang, tayoq yeysan» deb bejizga aytishmaganku.
Shuningdek, markazning masʼul xodimlari notinch oilalarga borib, bolalarning yashash sharoitlarini oʻrganishadi. Ularning ota-onalari bilan suhbat oʻtkazib, farzandlarini qarovsiz va nazoratsiz qoldirmaslik kerakligini tushuntirib, bu borada qonuniy javobgarlik mavjudligini eslatishadi.
Mahliyo XOLOVA, oʻz muxbirimiz.
Navoiy viloyati.
