Xorazm viloyati IIB rahbariyati tomonidan aholi murojaatlarini oʻrganish maqsadida sayyor qabul oʻtkazildi
2025-12-01 09:00:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Abdumajid Shermuxamedov tomonidan fuqarolarning murojaatlarini joyida oʻrganish, ularni qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topish va aholi bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish maqsadida Xiva shahrida joylashgan Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi binosida navbatdagi sayyor qabul oʻtkazildi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan turli sohalarga oid — huquqiy, ijtimoiy, maʼmuriy va ichki ishlar organlari faoliyati bilan bogʻliq masalalar yuzasidan bir qator murojaatlar bildirildi.
Murojaatlar orasida jinoyat ishlarini koʻrib chiqish, fuqarolik-huquqiy nizolar, mehnat munosabatlari, jamoat tartibini taʼminlash hamda profilaktika inspektorlari faoliyatiga oid masalalar alohida oʻrin tutdi.
Boshqarma boshligʻi har bir murojaatni sinchiklab tinglab, fuqarolarga joyida huquqiy tushuntirishlar berdi. Qoʻshimcha oʻrganish va amaliy chora koʻrishni talab etgan masalalar tegishli rahbar va masʼul xodimlarga yuklatilib, ijrosi qatʼiy nazoratga olindi.
Mazkur sayyor qabul fuqarolarga amaliy yordam koʻrsatish, murojaatlarni tez va samarali hal etish, shuningdek aholi va ichki ishlar organlari oʻrtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati







