Buxoro viloyati IIB rahbariyatining navbatdagi shaxsiy qabuli boʻlib oʻtdi
2025-12-01 09:00:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan purmaʼno fikr bugun amaliyotda oʻz isbotini topmoqda.
Mazkur tamoyil davlat organlari faoliyatida xalq bilan ochiq va samarali muloqotni yoʻlga qoʻyishning bosh gʻoyasiga aylangan. Bugun rahbarlar ham, aholi ham ushbu tizimning amaliy natijalarini yaqqol his etmoqda.
Darhaqiqat, yurtimizda inson manfaatlarini ustuvor qoʻyish davlat siyosatining asosiy yoʻnalishiga aylandi. Murojaatlar bilan ishlash boʻyicha tobora takomillashib borayotgan tizim odamlar dardi, talabi va ehtiyojiga oʻz vaqtida eʼtibor qaratilishiga xizmat qilmoqda.
Joylarda oʻtkazilayotgan sayyor qabullar esa aholi bilan bevosita muloqot qilish, ularning muammolarini joyida hal etishdagi eng samarali mexanizmlardan biriga aylandi.
Shu maqsadda, joriy yilning — 30-noyabr kuni Buxoro viloyati IIB boshligʻining navbatdagi shaxsiy qabuli boʻlib oʻtdi.
Qabul davomida oʻttiz nafarga yaqin fuqarolar tergov-surishtiruv, yoʻl harakati xavfsizligi, oila va turmushdagi muammolarni bartaraf etish, mol-mulk boʻyicha kelib chiqqan nizo, pul oldi-berdi masalalari va ichki ishlar organlari faoliyatiga oid boshqa mavzularda oʻz murojaatlarini bildirdilar.
Muloqot davomida koʻtarilgan masalalarning bir qismi joyida hal etildi. Oʻrganishni talab qiladigan murojaatlar esa alohida nazoratga olinib, tegishli masʼullarga belgilangan tartibda hal etish topshirigʻi berildi. Ushbu masalalarning ijrosi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatildi.
Aslida, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson qadrini ulugʻlash, uning manfaatlarini himoya qilish tamoyili turadi.
Aynan shuning natijasida koʻplab ijtimoiy muammolar yechim topmoqda, fuqarolarning hayot tarzida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda hamda jamiyatda adolat va ishonch muhiti mustahkamlanmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









