Surxondaryo viloyati IIB boshligʻi tomonidan Muzrabot tumanida “Yashil makon” loyihasi va Boysun tumanida Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha amaliy ishlar oʻrganildi
2025-11-30 10:35:00 / Yangiliklar

Surxondaryo viloyatida ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda jamoat xavfsizligini mustahkamlash yoʻnalishida qator amaliy ishlar davom etmoqda. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari va soha faxriylari Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumida faol ishtirok etmoqda.
Mazkur loyiha doirasida Muzrabot tumani ichki ishlar boʻlimi hududida boʻsh yer maydoni yashil bogʻga aylantirildi. Surxondaryo viloyati IIB rahbariyati boshchiligida 3000 don ortiq marjevinka archasi va mingga yaqin mevali daraxt koʻchatlari ekilib, ekologiyani yaxshilash, havo tozaligini taʼminlash va aholi salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiluvchi navbatdagi amaliy ishlar amalga oshirildi. Viloyat IIB boshligʻi polkovnik Timur Ismailov tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu keng miqyosli saʼy-harakatlar tamomi tuman va shaharlarda izchil davom ettirilmoqda.
Shuningdek, viloyat IIB boshligʻi Boysun tumanidagi kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan “Tuzbozor” mahallasida oʻrganishlar olib bordi. Mahalla va tuman IIB faoliyatida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, aholi xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini mustahkamlash hamda Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqildi.
Oʻrganish jarayonida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berildi. Mahalla yettiligi hamkorligida profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, fuqarolar uchun xavfsiz muhit yaratish, yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini taʼminlash va hududni toʻliq xavfsiz maskanga aylantirish boʻyicha masʼullarning zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.
Surxondaryo viloyatida ham ekologiya, ham xavfsizlik masalalarida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarning amaliy ifodasidir.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati








