Oʻzbekiston Respublikasi IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan dronlar va 3D- skanerlash yordamida zamonaviy xaritalash usullari joriy etilmoqda
2025-11-29 16:00:00 / Yangiliklar

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Bosh ekspert-kriminalistika markazi bilan hamkorlikda AQSHning Toshkent shahridagi elchixonasining Narkotiklarga qarshi kurashish va huquqni muhofaza qilish boʻyicha xalqaro masalalar boʻlimi (INL) moliyaviy koʻmagida “Voqea joylarini koʻrish uchun dronlar va 3D-skanerlash yordamida xaritalash usullari“ mavzusida seminar-treningni muvaffaqiyatli oʻtkazdi.
Tadbir Boʻstonliq tumanidagi “Olmos“ kongress markazida boʻlib oʻtdi.
Treningda IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminar kriminalistlarning hodisa joyidagi vaziyatni hujjatlashtirish va tahlil qilish uchun zamonaviy texnologiyalar – uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) va 3D-skanerlashdan foydalanish boʻyicha kasbiy koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan.
Ishtirokchilar uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishning meʼyoriy va texnik jihatlari, shu jumladan xavfsizlik protokollari, parvozdan oldingi tekshiruvlarni va parvozlarni optimal bajarish uchun atrof-muhitni baholashni oʻrgandilar.
Trening davomida ekspert-kriminalistlar sud-ekspertiza va huquqni muhofaza qilish sohasida 3D-skanerlar va uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishning kengaytirilgan imkoniyatlari va usullaridan foydalanish boʻyicha nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻldilar.
Ishtirokchilar ichki va murakkab sahnalar uchun 3D-lazer skanerlashning asosiy usullarini, ortomozaik xaritalar va 3D modellarni yaratishni oʻzlashtirdilar, jinoiy adliya ehtiyojlari uchun aniq sxemalar, animatsiyalar va jinoyat joylarini rekonstruksiya qilish uchun maxsus dasturiy taʼminotdan foydalangan holda 2D/3D maʼlumotlarni integratsiyalash va tahlil qilishni oʻrgandilar.
Ushbu treningning oʻtkazilishi milliy ekspert muassasalarining zamonaviy kriminalistik texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha salohiyatini mustahkamlashda muhim qadam boʻldi, bu esa tergov sifati va huquqni muhofaza qilish organlari ishining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi









