IIV ishchi guruhi tomonidan PF-207-son Farmon ijrosi doirasida Buxoroda profilaktika inspektorlari uchun giyohvandlikka qarshi keng qamrovli oʻquv-amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi
2025-11-28 11:40:00 / Yangiliklar

Mazkur oʻquv jarayoni Ichki ishlar vazirligi masʼullari tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qoʻllanmalar asosida tashkil etilib, unda viloyatning barcha profilaktika inspektorlari qamrab olindi.
Mashgʻulotlarning asosiy maqsadi, mahalla hududlarida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish mexanizmlarini mustahkamlash, noqonuniy faoliyat yurituvchi narkolaboratoriyalarni, qoʻlbola usulda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini tayyorlovchi yoki qadoqlovchi yashirin sexlarni aniqlash koʻnikmalarini oshirish, shuningdek giyohvand moddalar savdosining zamonaviy usullariga qarshi samarali choralarni oʻrgatishdan iborat boʻldi. Shuningdek, farmonda belgilangan qatʼiy talablar va yangi javobgarlik choralarini amaliyotga toʻliq tatbiq etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻquv jarayoni davomida, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bogʻliq jinoyatlarning yangi koʻrinishlari, internet tarmoqlari orqali narkotik savdosi va “kuryerlik” tizimiga qarshi kurashish boʻyicha taktik yondashuvlar, yashirin laboratoriyalarni aniqlashga oid texnik belgilar, mahalla aholisi bilan muloqotni samarali yoʻlga qoʻyish, tezkor axborot toʻplash va tahlil qilish tartiblari oʻrgatildi. Shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishda hamkor tashkilotlar bilan ishlash mexanizmlari, prekursorlar aylanmasi ustidan nazorat yuritish tartibi, yoshlar oʻrtasida profilaktik-maʼrifiy faoliyatni samarali tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Tadbirning amaliy qismida profilaktika inspektorlari real sharoitda yashirin laboratoriya joylashgan boʻlishi mumkin boʻlgan obyektlarni aniqlash algoritmlari, shubhali holatlar boʻyicha xabardor qiluvchi belgilar, shuningdek aniqlangan jinoyatlar yuzasidan tezkor guruhlarni jalb qilish tartibi boʻyicha amaliy koʻnikmalarni mustahkamladi.
Eʼtirof etish joizki, mazkur oʻquv-amaliy mashgʻulotlar profilaktika inspektorlarining giyohvandlikka oid jinoyatlarni erta aniqlash boʻyicha amaliy malakasini oshirish, mahallalarda tezkor-profilaktika ishlarini kuchaytirish, aholi bilan hamkorlikda xavf omillarini bartaraf etish va farmon talablarining puxta ijrosini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida xodimlarga tegishli uslubiy tavsiyalar berilib, profilaktika inspektorlari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









