Buxoro viloyati IIB boshligʻi tomonidan Peshku tumanida aholi osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan tungi faoliyat oʻrganildi
2025-11-28 10:50:00 / Yangiliklar

Navbatdagi manzilda, Peshku tuman IIB JXX HPB profilaktika inspektorlarining xizmat uylari hamda ularning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati oʻrganildi.
“Chigʻirchi” MFY profilaktika inspektorining xizmat uyiga tashrif davomida xodimlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati hamda yashash sharoiti oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni bartaraf etish boʻyicha masʼullarga zarur topshiriqlar berildi.
Keyingi manzilda, Peshku tuman “Malishoyak” mahallasida yashovchi fuqarodan oilaviy zoʻravonlik boʻyicha kelib tushgan murojaat tuman masʼullari ishtirokida uning yashash xonadoniga borib batafsil oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida voqeaning yuzaga kelish sabablari, oilaviy munosabatlarda kelib chiqqan ziddiyatlar hamda ularning oqibatlari atroflicha tahlil qilinib, mavjud vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha zarur choralar belgilandi.
Shundan soʻng Peshku tumanining “Chigʻirchi” mahallasi hududida joylashgan tuman Tibbiyot birlashmasi faoliyati bilan tanishildi. Oʻrganishlar davomida muassasaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, isitish tizimi, elektr taʼminoti hamda navbatchilik xizmatining tashkil etilishi koʻzdan kechirildi. Shuningdek, xavfsizlik choralarini kuchaytirish va aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash boʻyicha masʼullarga tegishli tavsiyalar berildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









