Fargʻona viloyat IIBda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash mavzusida yigʻilish oʻtkazildi
2025-11-27 13:35:00 / Yangiliklar

Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan yigʻilishda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻi, general-mayor Davron Nazarmuxamedov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi va uning oʻrinbosarlari, hududiy boʻlimlar va sohaviy xizmatlar rahbarlari ishtirok etdi.
Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, soha xodimlari orasida xizmat burchi va vazifalarga masʼuliyatsizlik bilan yondashish, korrupsiya, muomala madaniyatiga amal qilmaslik, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish kabi salbiy holatlar uchrayotganini afsus bilan tilga oldi.
Shaxsiy tarkib orasida sogʻlom muhitni shakllantirish, tartib-intizomni mustahkamlash, yosh xodimlarni tarbiyalash, faoliyatida kamchiliklar kuzatilayotgan soha vakillari ustidan nazoratni kuchaytirish choralarini koʻrishga oid tavsiyalar bildirildi.
Shu bilan birga, namunali faoliyat yuritayotgan, korrupsion omillarni bartaraf etishda tashabbus koʻrsatib, pora taklif qilgan shaxslar haqida xabar bergan xodimlarning kasbga sadoqati eʼtirof etilib, minnatdorchilik bildirildi. Masalan, joriy yilning oʻtgan oʻn oy davomida Fargʻona viloyatida 10 ta holatda xodimlarga pora taklif qilgan shaxslar aniqlanib, tegishli tartibda chora koʻrilgan.
Biroq viloyat ichki ishlar organlari safida xizmat qilayotgan xodimlar orasida oʻz vazifasiga panja ortidan qarab, qonunlar va kasb etikasiga zid xatti-harakatlarga qoʻl urayotganlar borligi ham qayd etildi. Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida soha vakillarining 704 nafariga intizomiy choralar koʻrilgan. Bu raqamlar xizmat intizomi va qonunchilik buzilishining oldini olish choralarini kuchaytirish, korrupsion omillarni bartaraf etishga qaratilgan choralar, tezkor va profilaktik tadbirlarni kuchaytirishni taqozo etadi.
Yigʻilishda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramov hamda tegishli mutasaddi rahbarlar ham soʻzga chiqdi. Oʻtkazilgan muhokamalarda intizomiy kengashlar faoliyatini jonlantirish, aholi eʼtiroziga sabab boʻluvchi omillarni bartaraf qilish masalalari koʻrib chiqildi.
Yakunda esa xizmat samaradorligini yanada oshirish, xodimlarning bilim va malakasini mustahkamlash, xizmat intizomi va qonuniylikka itoat etish, mutasaddi rahbarlar oʻrtasida javobgarlik hissi va shaxsiy masʼuliyatni yanada kuchaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.




