“Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi”. APK fayllarni aslo ochmang!
2025-11-26 23:00:00 / Yangiliklar

“Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida taʼsirchan targʻibot ishlarini olib borish maqsadida Fargʻona viloyatida 18 ta hamkor tashkilot xodimlaridan iborat ishchi guruh faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ishchi guruh viloyat IIB qoshidagi kiberxavfsizlik laboratoriyasida muntazam faoliyat olib bormoqda. Oylikning oʻtgan davrida ishchi guruh tomonidan korxona va tashkilotlar, mahallalar va aholi gavjum joylarda 1000 dan ziyod targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.
Fuqarolarni ogohlikka chorlovchi 200 ming nusxa eslatma buklet va flayerlar tarqatildi. Bozorlar, savdo majmualari, korxona tashkilotlarning kirish joylariga mavzuga oid banner va plakatlar ilindi. Targʻibot ishlari taʼsirchanligini yanada oshirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanilyapti.
Hozir uchrayotgan kiberhujumlarning aksariyati aynan APK fayllari bilan bogʻliq. Shunday fayllarni bilmasdan ochib qoʻyib, halol mehnat bilan yiqqan pulidan ayrilib qolayotgan fuqarolar bizga juda koʻp murojaat qilishyapti, — deydi viloyat IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, kapitan Oblobergan Yoqubov.
Kiberjinoyatchilar odamlarni qiziqtirish uchun fayl ostiga turli jimjimador soʻzlarni yozib qoʻyishadi. Masalan, “Suratdagi sizmisiz?”, “Suddan chaqiruv qogʻozi”, “Bu videoda siz qatnashganmisiz?”, “Videoda sen ekaningni koʻrib ayt”, “MIB maʼlumotlari” va shunga oʻxshash teg-soʻzlar yozib, faylni ochishga beixtiyor majbur qilishadi.
Bundan tashqari, “Tez pul ishlang”, “Siz yutdingiz”, “Davlatdan yordam” degan soxta havolalarga ham mutlaqo ishonmaslik zarur. Odamlar esa gohida bilib, gohida qiziqib, gohida bilmasdan bunday fayllarni ochadi. Oqibatda kiberhujumga uchraydi. Jinoyatchilar uning nomiga ochilgan plastik kartalardagi mablagʻni bir zumda yechib olishadi. Shu bois qayerda fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazsak, “APK fayllarni ochmanglar, pulingizdan ayrilasiz”, deb takror-takror eslatishdan charchaganimiz yoʻq.
Shu mazmunda koʻp minglab nusxada flayer va bukletlar chiqarib, aholiga tarqatdik. Ammo biz qanchalar harakat qilmaylik, qachonki fuqarolar hushyor, ogoh boʻlsagina, bunday jinoyatlarning oldini olish mumkin.
Kiberjinoyatlar nafaqat pul mablagʻlariga, hatto insonning shaʼni, qadr-qimmatiga ham qaratilib, oilalarning buzilishiga, ajrimlarning koʻpayishiga sabab boʻlyapti.
Oltiariq tumanida boʻlib oʻtgan voqealar kiberjinoyatlarning turi va shakllari koʻpligiga yana bir dalildir. Mazkur tumanda ijtimoiy tarmoq orqali “Pulingizni koʻpaytirib beramiz!” degan yolgʻon takliflarga ishonganlar soni bir necha yuzlab kishiga borib yetgan ekan.
Bu soxta chorlovni oʻylab topganlar turli quruq vaʼdalarni berib, pul mablagʻini tikkanlarga dastlab foyda sifatida bonuslar ajratib turgan. Bonus olgan kishilar esa battar qiziqib, oʻz yaqinlarini ham bu onlayn oʻyinga taklif qilishgan.
Shu alfozda oʻyin ommalashib ketgan. Ayrim sodda kishilar toʻy qilaman, mashina olaman deb yil boʻyi yigʻib-tergan pullarini ikki hissaga koʻpaytirib olish ilinjida shu notanish oʻyin tashkilotchilariga qoʻsh-qoʻllab topshirib yuborgan. Aslida bu moliyaviy piramidaning ortida ustomon kiberjinoyatchilar turgan edi.
Pul tikkanlar soni bir necha yuzlab kishiga, mablagʻ milliardlab soʻmga borib yetganida, ular ertakdagi sehrli devlardek birdan gʻoyib boʻlishadi.
Na telefon raqamlari, na telegramdagi profillaridan asar ham qolmaydi. Keyin aldanganini bilgan fuqarolar yordam soʻrab, huquq-tartibot organlariga murojaat qilishdi.
©️ “Postda” gazetasi, Abduvosit Sidiqov, Fargʻona viloyati.
