Xalqaro forum. Jinoyatchilikka qarshi global kurashishda hamkorlik
2025-11-24 23:00:00 / Yangiliklar

Ikki kunlik anjuman doirasida ishtirokchilar Samarqand shahridagi mahalla yettiligi ish faoliyati, IIVning xavfsiz turizmni taʼminlash hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boʻlinmalari xizmat jarayonlari bilan tanishtirildi.
Mazkur forum dunyo boʻylab jinoyatchilikning oʻsib borayotganini hisobga olgan holda bugungi kunda juda ahamiyatli va foydali boʻldi. Oʻzbekistonda jinoyatchilikning oldini olish modeli haqida gap ketganda, men doim Oʻzbekistonning profilaktik kriminalistika, jinoyatlarning oldini olish va ularning sabablarini bartaraf etish tizimi juda yuqori pogʻonada turganligini taʼkidlayman. Chunki Oʻzbekiston jinoyatchilikning oldini olishda oʻziga xos, noyob mahalla tizimidan foydalanadi. Bu tizim dunyoning eng yaxshi modellaridan biri hisoblanadi, unda faqat davlat organlarigina emas, balki fuqarolar ham jinoyatlarning oldini olishda faol ishtirok etishadi, — deya eʼtirof etdi BMTning Jinoyat va narkotiklar boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqaviy boshqarmasi Axborot xizmati boshligʻi Florez Salome Siyerra Franzoni.
Forumda qator davlatlar politsiya va tadqiqot tuzilmalari bilan hamkorlikni tubdan kuchaytirishga qaratilgan hujjatlar xususan, Vengriya, Hindiston, Rossiya, Qatar, Turkiya, Xitoy, Belarus, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiz Respublikasi politsiya idoralari va kriminologiya sohasidagi tadqiqot tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlik protokollari imzolandi. Ekspertlarni oʻqitish, ilmiy-tadqiqot dasturlari va axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Anjuman doirasida TIKA bilan grant va texnik koʻmak boʻyicha hamkorlik ham yoʻlga qoʻyildi. Alohida uchrashuvlarda Turkiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun grant mablagʻlarini jalb qilish, institut infratuzilmasini takomillashtirish, zamonaviy kriminologik laboratoriya va tahlil texnologiyalarini joriy etish, qoʻshma oʻquv dasturlari va seminarlarni moliyalashtirish yuzasidan kelishuvlar muhokama qilindi.
Ushbu anjuman hamkorlikdagi faoliyatimizni yanada jonlantirishda katta ahamiyatga ega. Kriminologiya sohasida xalqaro hamkorlik zarur. Bugungi kunda bu borada juda koʻplab tadqiqotlar mavjud, ayniqsa kiberxavfsizlik sohasida.
Shuning uchun xalqaro hamkorlikning ahamiyati ortmoqda. Biz bu tashabbusning amalga oshirilayotganidan mamnunmiz, — deya taʼkidladi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) vakolatxonasi boshligʻi Yesin Ajar Ergin.
Anjuman doirasida Rossiya Federatsiyasi IIVning Butunrossiya ilmiy-tadqiqot instituti, Ural davlat yuridik universiteti, Vengriyaning “Ludovika” Davlat xizmati universiteti huquqni muhofaza qiluvchi organlar fakulteti, Turkiya Milliy politsiya akademiyasi bilan ikki tomonlama xalqaro hamkorlik oʻrnatish borasida memorandum imzolandi.
Biz Oʻzbekiston Kriminologiya tadqiqot instituti bilan hamkorlikda faoliyat olib boramiz. Bu sohani yanada rivojlantirishni rejalashtirganmiz. Biz eng yaxshi xalqaro tajribalarni oʻrganib, amaliyotga tatbiq etamiz. Mening fikrimcha, Oʻzbekistonda kriminologiya sohasida nazariya juda yuqori darajada rivojlangan. Amaliyot ham muhim. Bu yoʻnalishda birgalikda ishlaymiz. Agar qandaydir muammolar yuzaga kelsa, uni bartaraf qilib, kelgusida hamkorlikni davom ettiramiz.
Sohada ijtimoiy tadqiqotlarni amalga oshiramiz, unga hamkasblar, mutaxassislar va talabalarni jalb qilamiz, — deydi “Ludovika” Davlat xizmati universiteti huquqni muhofaza qiluvchi organlar fakulteti prorektori Gabor Kovach.
Anjumanda qayd etildiki, jinoyatchilikning oldini olish va uni tadqiq qilishda Hindiston, Vengriya, Xitoy, Belarus, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiz Respublikasi politsiyalari hamda tadqiqot tashkilotlari bilan qoʻshma loyihalar ishga tushirilib, ilgari suriladigan tashabbuslar kelgusida kriminologik tadqiqotlarning ilmiy va amaliy samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Forum doirasida 10 dan ortiq davlatlarning politsiya idoralari, kriminologiya sohasidagi tadqiqot tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlik oʻrnatildi. Shuningdek, Qatar bilan xodimlar tajriba almashinuvi, jinoyatchilikni birgalikda tadqiq qilish boʻyicha qoʻshma loyihalar ishga tushirish masalasi koʻrib chiqildi.
Mazkur forum jinoyatchilikka qarshi global miqyosda kurashishda xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Forum ilmiy amaliyot, ekspert tajribasi va oʻzaro hamkorlikning birlashgan platformasi sifatida yuksak baholandi.
©️ “Postda” gazetasi, Umida Mamadaliyeva, Samarqand viloyati.
