Namangan tumani hududida aholi osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida xizmat olib borayotgan xodimlarning faoliyati oʻrganildi
2025-11-23 19:10:00 / Yangiliklar

Aholi osoyishtaligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish va mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlash maqsadida viloyatning barcha shahar va tumanlarida tungi xizmat faoliyati muntazam ravishda oʻrganilmoqda. Ushbu jarayonlarda xodimlarning masʼuliyati, xizmat intizomi hamda hududdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar tahlil qilinib, keyingi vazifalar belgilab berilmoqda.
Shu doirada Namangan tumanida oʻtkazilgan navbatdagi oʻrganish jarayonlarida dastlab “Shamsikoʻl”, “Shoʻrqoʻrgʻon”, “Koʻlboʻyi”, “Oqer”, “Kaykovus”, “Qoʻrgʻoncha”, “Qurama”, “Eshobod”, “Qumqoʻrgʻon” va “Gʻayrat” mahallalarida xizmat olib borayotgan tungi naryadlar bilan yoʻriqnoma oʻtkazildi. Unda xodimlarga xizmatni namunali tashkil etish, aholining xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
Oʻrganish davomida shuningdek, “Qurama” mahallasi profilaktika inspektorlarining faoliyati va jamoat joylari ham koʻzdan kechirilib, ularga mahallalarda PQ-1 va PQ-253-son qarorlar doirasida manzilli ishlarni yoʻlga qoʻyish, yoshlarni bandligini taʼminlash, fuqarolarning murojaatlarini oʻrganish hamda ularni ijobiy hal etish boʻyicha vazifalar yuklatildi. Aholi bilan muntazam muloqotni kuchaytirish, muammolarni joyida aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi.
Oʻrganishlar davomida tumandagi 1-sonli maktabning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik darajasi, isitish tizimlarining texnik holati ham koʻrib chiqildi. Taʼlim muassasasida oʻquvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishilib, masʼul rahbar hamda xodimlarga mavsumni betalafot oʻtkazish, yongʻin xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya etish va mavjud kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Namangan tumani hududida amalga oshirilayotgan mazkur oʻrganishlar xizmat faoliyatining samaradorligini oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashishni kuchaytirish hamda aholining huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga xizmat qilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati








