Namangan viloyati IIB boshligʻining Uychi tumani fuqarolari uchun sayyor qabuli oʻtkazildi
2025-11-22 11:45:00 / Yangiliklar
Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, aholining muammolarini oʻrganish va ularning yechimini tezkor hamda samarali taʼminlash maqsadida muntazam ravishda shaxsiy va sayyor qabullar tashkil etib kelinmoqda.

Shu maqsadda Uychi tumanining “Qashqar” mahallasida oʻtkazilgan navbatdagi sayyor qabul davomida boshqarma boshligʻi tomonidan 19 nafar fuqaroning turli yoʻnalishlardagi murojaatlari tinglandi, ularning muammolari boʻyicha batafsil oʻrganishlar olib borildi.
Qabul jarayonida murojaatchilarning arizalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, huquqiy maslahatlar berildi. Shuningdek, 15 ta murojaat joyida ijobiy hal etilib, fuqarolarga amaliy yordam koʻrsatildi.
Qoʻshimcha oʻrganish talab etiladigan murojaatlar boʻyicha esa sohaviy xizmat rahbarlariga aniq koʻrsatma va topshiriqlar berildi hamda ularning ijrosi boʻyicha masala alohida nazoratga olindi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati





