6–8-noyabr kunlari Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA) Bosh assambleyasi va Ijroiya kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2025-11-22 06:55:00 / Yangiliklar

Turkiyaning Nevshehir shahri mezbonlik qilgan anjumanda tashkilot bilan hamkorlik qilayotgan va unga aʼzo boʻlish istagini bildirgan taʼlim muassasalari vakillari qatnashdi.
Yigʻilishni INTERPA prezidenti, Turkiya milliy politsiya akademiyasi rahbari Murat Balji ochib, koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holatida erishilayotgan natijalar, manfaatli aloqalarni kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek global xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solayotgan dolzarb muammolarga toʻxtaldi.
Yigʻilishda tashkilotning bir yillik faoliyati sarhisob qilinib, kun tartibiga kiritilgan qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, Sulton Qobus nomidagi Oʻmon politsiya akademiyasi, Iroq politsiya akademiyasi hamda Qozogʻiston Respublikasi IIV Boshqaruv akademiyasi tashkilot aʼzoligiga qabul qilindi. INTERPA doirasidagi navbatdagi tadbirlarni kelgusi yil Shimoliy Makedoniya hamda Qatar davlatlarida oʻtkazishga kelishib olindi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi IIV akademiyasi Ijroiya kengash tarkibiga qayta saylandi.
Shundan soʻng “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning zamonaviy strategiyalari: raqamli dunyoda huquqni muhofaza qilish” mavzuiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya tashkil qilindi. Yigirmadan ziyod davlatlar vakillari ishtirok etgan anjumanda kibermakonda yuzaga kelayotgan tahdid va xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashishga qaratilgan dolzarb tashabbuslar ilgari surildi.
INTERPA tadbirlari munosabati bilan IIV akademiyasi boshligʻi oʻrinbosari Ruftullo Nigmatov va Turkiya milliy politsiya akademiyasi rahbari Murat Balji oʻzaro muloqot qildi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish, tajriba almashinuvini kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, Turkiy davlatlar politsiya akademiyalari platformasi doirasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati
