Buxoro viloyati IIB rahbariyati tomonidan Shofirkonda ijtimoiy soha obyektlari va ichki ishlar organlari faoliyati boʻyicha keng qamrovli oʻrganish ishlari oʻtkazildi
2025-11-21 14:35:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati IIB boshligʻi Shofirkon tumanida tungi xavfsizlikni taʼminlash va aholining osoyishtaligini mustahkamlash maqsadida joylardagi xizmat holatini oʻrgandi. Oʻrganish davomida bir qator ijtimoiy soha obyektlari, tuman ichki ishlar boʻlimi hamda profilaktika inspektorining faoliyati koʻzdan kechirilib, mavjud kamchiliklar yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Dastlab, “Shofirkontumangaz” gaz taʼminoti boʻlimiga tashrif buyurilib, qishning sovuq kunlarida aholiga uzluksiz va sifatli gaz yetkazib berish jarayonlari oʻrganildi. Masʼullar bilan suhbat chogʻida gaz taqsimotini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, mahsulot talon-taroj qilinishining oldini olish va aholining ehtiyojidan kelib chiqib, gaz bosimini meʼyorida ushlab turish boʻyicha tegishli topshiriqlar belgilandi.
Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Shofirkon filiali tungi xizmat faoliyati koʻzdan kechirildi. Kuz–qish mavsumiga tayyorgarlik, fuqarolardan tushayotgan murojaatlar, elektr taʼminotida sodir boʻlayotgan uzilishlarga nisbatan oʻz vaqtida naryadlar yuborilishi tartibi boʻyicha masʼullarga koʻrsatmalar berilib, masʼul xodimlar biriktirildi.
Navbatdagi manzilda, Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasida bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, muassasaning qoʻriqlash tizimi, tungi navbatchilik tartibi hamda mavsumiy tayyorgarlik darajasi oʻrganildi. Mazkur yoʻnalishlar boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.
Shundan soʻng, Shofirkon tumani IIBning tungi xizmat faoliyati oʻrganildi. Navbatchilik qismining xizmatni tashkil etish tartibi, chaqiruvlarga javob berish tezligi, fuqarolarning murojaat va arizalarini qabul qilish tartibi, tezkor axborot almashinuvi tizimi boʻyicha sharoitlar oʻrganildi. Shuningdek, tuman IIB boshligʻi tomonidan joriy yilning oʻtgan oyida sodir etilgan jinoyatlar tahlili taqdim etilib, rahbariyat tomonidan jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.
“Qalmaqon” mahallasida olib borilgan oʻrganishlarda, profilaktika inspektorining tungi xizmat faoliyati, uning hududiy inspektor-psixolog va qoʻriqlash boʻlimi xodimlari bilan hamkorligi, “Mahalla yettiligi“ hamda jamoatchilik bilan olib borilayotgan profilaktik chora-tadbirlar oʻrganildi. Aholining muammolarini manzilli hal etish, xavf guruhidagi shaxslarni nazorat qilish boʻyicha bajarilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Mazkur mahallada xizmat olib borayotgan qoʻriqlash xizmati tungi faoliyati, chaqiruvlar boʻyicha kuch va vositalarning belgilangan vaqtda yetib kelish holati ham oʻrganilib, qoʻshimcha obyekt va xonadonlarni qoʻriqlovga olish boʻyicha masʼullarga topshiriqlar berildi.









