Qatar Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Poytaxtda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi
2025-11-21 14:05:00 / Yangiliklar

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasining Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasida joriy yilning 19-noyabr kuni Qatar davlati Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi vakillari bilan hamkorlikni kengaytirishga bagʻishlangan rasmiy muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda delegatsiya vakillari sifatida Qatar IIV Politsiya Akademiyasi huzuridagi Xavfsizlik ilmiy-tadqiqotlar markazi rahbari Jassim Muhammad Al-Obaidli, Iqtisodiy va elektron jinoyatlar departamenti direktorining oʻrinbosari Muhammad Al Tani, Xalqaro hamkorlik departamenti vakili Muhammad Al-Naama, Jinoyat-qidiruv departamenti vakili Muhammad Al-Mannai hamda Qatar davlatining Oʻzbekistondagi elchisi Hasan Hamza Hoshim ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida PQ-153-son qaror mazmun-mohiyati hamda kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi boʻyicha maʼlumotlar taqdim etildi.
Shuningdek, kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish boʻyicha qator kelishuvlar imzolandi.





