Yuksak mukofot sohiblari. Ota-ona duosin olib
2025-11-19 21:00:00 / Yangiliklar

Lavhamiz qahramoni Oltiariq tumanining Oqboʻyra qishlogʻida voyaga yetgan. U bolaligidan ichki ishlar organlari xodimi boʻlishni orzu qilib ulgʻaydi. Qishloqdagi oʻrta maktabda yoshlarga nemis tili fanidan saboq beradigan volidasi Diloromxon Joʻraboyeva oʻgʻliga hamisha toʻgʻri yoʻl koʻrsatib, maqsadlari sari dadil harakat qilishga motivatsiya berardi.
Bahodir yoshligidayoq detektiv filmlarni tomosha qilganida jinoyatchilarning ortidan quvlab, ularni mohirona qoʻlga olgan tezkor xodimlarga oʻxshashni niyat qilgan. 2005-2009-yillarda Fargʻona davlat universitetida oʻqib yurganida ham bor eʼtiborini huquqiy bilimlarni egallashga qaratib, «Oʻqishni tamomlagach, albatta, ichki ishlar organlariga ishga kiraman» deb, oʻz oldiga qatʼiy maqsad qoʻygan edi.
Ammo orzulariga erishishi oson boʻlmadi. Oliygohni tamomlagach, bir muddat Fargʻona sanoat va xizmat koʻrsatish kollejida oʻqituvchi boʻlib ishladi. Ish bilan uzviy ravishda ichki ishlar organlari xodimlariga nomzodlar orasida oʻtkazilayotgan tanlovlarga tayyorlandi, sinovlarda ishtirok etdi. Natijada 2014-yilda uning orzulari ijobat boʻlib, qoʻriqlash xizmatida ish boshladi.
Uning qalbidagi izquvarlikka boʻlgan mehr baribir ustunlik qilaverdi. Oxiri rahbariyatga shu yoʻnalishda ishlab, oʻzini sinab koʻrmoqchi ekanligini bildirdi. Bahodirdagi ishtiyoq inobatga olinib, 2017-yilda uni Qoʻqon shahar IIB Jinoyat qidiruv boʻlimi tezkor vakili lavozimiga tayinlashdi.
Qoʻqonda jinoyat va huquqbuzarliklar salmogʻi ham boshqa hududlarga qaraganda koʻproq kuzatiladi. Bahodir Xolmatov bu yerda podpolkovniklar Muzaffar Xoldorov, Akramjon Tojiyev, Shavkatjon Mavlonov, Maqsadbek Egamberdiyev kabi tajribali ustozlaridan tezkor xodimga xos xislatlarni, sohaning nozik sir-asrorlarini oʻrgandi.
2020-yilda Margʻilon shahar IIB Jinoyat qidiruv boʻlinmasi tezkor vakili vazifasiga tayinlangach, podpolkovniklar Farrux Qoʻshmatov, Qudrat Mamajonov, Alisher Ashurov, Farhod Bektoshev kabi ustozlarning etagini tutdi. Natijada yillar davomida oʻzi ham mohir izquvarga aylandi.
Joriy yilning oʻtgan davrida 20 ta muqaddam sodir etilgan jinoyatni fosh etishda munosib ishtirok etgani, shaxsan oʻzi 11 ta jinoyatni fosh etgani, 10 dan ortiq jinoyatlarni oʻz vaqtida aniqlagani, 6 nafar qidiruvda yurgan shaxsni ushlagani katta tezkor vakilning tajribasi tobora oshib borayotganidan darak beradi.
- Hamkasblarimdan biri qoʻngʻiroq qilib, davlat mukofoti bilan taqdirlanganim haqidagi xushxabarni aytganida, shu kasbni tanlab adashmaganimni yurakdan his etdim, — deydi qahramonimiz. — Medalni Ichki ishlar vazirining qoʻlidan qabul qilib olarkanman, koʻz oldimga darhol ota-onam keldi. Dadam Foziljon Xolmatov va rahmatli onam Diloromxon Joʻraboyeva ana shunday yutuqlarga erishishimni orzu qilishardi. Shu bois Fargʻonaga qaytgach, mukofotni eng avvalo dadamning qoʻllariga tutqazib, uning duosini oldim. Kelgusida bu yuksak mukofotni oʻzimning halol mehnatim va kasbga sadoqatim bilan oqlayman.
Abduvosit Sidiqov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Fargʻona viloyati
