Jinoyat muhokamasi. Turtishsang koʻz chiqadi
2025-11-19 08:25:00 / Yangiliklar

Xalqimizning «Aytishsang soʻz, turtishsang koʻz chiqadi» degan maqolini Zomin tumanidagi «Mustaqillik» mahallasida yashovchi er-xotin I.A. va U.J. bilan sodir boʻlgan voqeaga nisbatan qoʻllash mumkin. Erkakning farzandiga tanbeh berishi, ayolning hovli tevaragini devor bilan oʻrashiga oid talabidan boshlangan dahanaki janjal fojia bilan yakunlandi.
Ayol umr yoʻldoshini roʻzgʻor tashvishlarini boʻyniga olmaslikda ayblaganida, bundan jahli chiqqan I.A. hech narsa qilmasligini bildiradi. Bunga javoban ayol stol ustidagi oshxona pichogʻini jahl bilan uloqtiradi. Pichoq erkakning chap koʻkragiga sanchilgan. Shifoxonada koʻrsatilgan muolajalarga qaramasdan jabrlanuvchi hayotdan koʻz yumadi.
Jinoyat muhokamasi koʻngilsizlik roʻy bergan mahallada hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼullari, hudud aholisi va yettilik ishtirokida uyushtirildi. Yigʻilishda profilaktik tadbirlarni toʻgʻri tashkil qilish, oilalarning ijtimoiy holatini oʻrganish va kelishmovchiliklarni bartaraf etish, aholi bandligini taʼminlash yuzasidan fikrlar yuritildi.
Shuningdek, tumanda sodir etilgan jinoyatlar mahallalar kesimida tahlil qilinib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼullari hamda kamchiliklarga yoʻl qoʻyayotgan yettiliklar tanqid ostiga olindi. Oʻz navbatida, «qizil» toifadagi aholi punktlarida kriminogen vaziyatni oʻnglashga doir topshiriqlar berildi. Oila va qoʻshnichilikka doir qadriyatlar bardavomligini taʼminlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish boʻyicha ham takliflar bildirildi.
Alijon ABDUSATTOROV, oʻz muxbirimiz.
Jizzax viloyati.
