Buxoro viloyati IIB rahbariyati tomonidan Qorakoʻl tumanida tungi vaqtda jamoat tartibini taʼminlash holati oʻrganib chiqildi
2025-11-16 00:15:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyati IIB boshligʻi Qorakoʻl tumanida aholi osoyishtaligini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlarni oʻrgandi. Tungi nazorat ishlari doirasida tumanning bir qator muhim ijtimoiy obyektlari, mahalla va taʼlim muassasalaridagi holat har tomonlama koʻzdan kechirildi.
Boshqarma boshligʻi, avvalo, kriminogen holati murakkab hisoblangan “Doʻstlik” mahallasida boʻlib, profilaktika inspektorining xizmat xonasiga tashrif buyurdi. Mazkur mahalladagi koʻcha, xonadon, oilalar, hududdagi umumtaʼlim maktabi, maktabgacha taʼlim muassasasi, shuningdek, turli xizmat koʻrsatuvchi maskanlar faoliyati boʻyicha maʼlumotlar tinglandi.
Mahallada jamoat tartibini saqlash, kameralashtirish ishlari va tungi xizmat faoliyati tahlil qilinib, profilaktika inspektori hamda mahalla raisining hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish boʻyicha fikrlari tinglandi.
Keyingi manzilda, Qorakoʻl tuman tibbiyot birlashmasiga tashrif amalga oshirilib, binolarining yoritilishi, qorovul xizmati, pult orqali qoʻriqlovga ulanganligi, shu bilan birga, aholi bilan ishlash, hududda turli tartibsizliklarning oldini olish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilab berildi.
Oʻrganish davomida, Qorakoʻl ixtisoslashtirilgan maktab-internatidagi tungi xavfsizlik tizimi, qorovul xizmati va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari koʻzdan kechirildi.
Mazkur taʼlim muassasasi oʻgʻil va qiz bolalar tahsil oladigan yirik internat maktab boʻlib, binolarning yoritilishi, qoʻriqlov pulti bilan bogʻlash, oʻquvchilar oʻrtasida huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish boʻyicha masʼullarga koʻrsatmalar berildi.
Qorakoʻl tumani IIB faoliyatini oʻrganish jarayonida esa, tumanda jamoat xavfsizligini taʼminlash, kelib tushayotgan murojaatlarga tezkor munosabat bildirish, tezkor-tergov guruhlarning voqea joyiga oʻz vaqtida yetib borishi masalalari muhokama qilindi. Tungi xizmatni kuchaytirish maqsadida bir qator qoʻriqlash guruhlari faoliyati oʻrganilib, ularga qoʻshimcha kuch va vositalar biriktirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Oʻrganish yakunida boshqarma boshligʻi tomonidan, taʼlim muassasalari qorovullarini bir xil turdagi yoritgichli nimcha, zarur xizmat anjomlari bilan taʼminlash, har bir ijtimoiy obyekt qorovuliga profilaktika inspektorining shaxsiy aloqa raqamlari koʻrsatilgan maxsus kartochka taqdim etish va oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, savdo va xizmat koʻrsatish maskanlarini texnik qoʻriqlovga ulashni jadallashtirish, aholi koʻp toʻplanadigan joylarga qoʻshimcha kuch-vositalar biriktirish, koʻp qavatli uylar oldida quyosh panelli yoritgich va videokameralar bilan jihozlangan namunaviy veloturargohlar tashkil etish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati









