Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati tomonidan Qarshi tumanida profilaktika va xavfsizlik masalalari oʻrganildi
2025-11-15 19:55:00 / Yangiliklar

Dastlab, Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Abduvoxid Ismoilov Qarshi tumani Bogʻobod MFY hududida tungi xizmatga jalb qilingan xodimlar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda profilaktika inspektorlari, qoʻriqlash boʻlimlari xodimlari hamda mahalla faollari ishtirok etib, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash, xizmat intizomiga qatʼiy amal qilish, tungi navbatchilikda hushyorlikni oshirish masalalari muhokama qilindi.
Keyinchalik oʻrganishlar davom ettirilib, boshqarma boshligʻi Axborot texnologiyalari va menejment universitetida boʻldi. U yerda yaratilgan sharoitlar, kuzatuv kameralarining oʻrnatilganligi, hududning qoʻriqlov tizimi hamda kuz–qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari koʻzdan kechirildi. Aniqlangan jihatlar boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shundan soʻng, viloyati IIB boshligʻi tuman hududidagi avtoshohbekat faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda aholining kelib-ketishi uchun yaratilgan qulayliklar, obyektning kuzatuv kameralar bilan toʻliq jihozlanganligi, qoʻriqlov tizimi ishlashi koʻrib chiqildi va ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Viloyat IIB boshligʻi Bogʻobod MFY binosini ham koʻzdan kechirib, mahalla fuqarolariga xizmat koʻrsatish sharoitlari, mavsumiy tayyorgarlik, mahallaga kirib-chiqadigan obyektlarning kuzatuvga olinishi bilan tanishdi. Mahalla darajasidagi xavfsizlikni taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktik ishlarni yanada kuchaytirish boʻyicha kerakli koʻrsatmalar berdi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati









