Namanganda kibermadaniyatni yuksaltirish va raqamli immunitetni shakllantirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar oʻtkazilmoqda
2025-11-15 13:55:00 / Yangiliklar

“Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan Toʻraqoʻrgʻon tumanida keng koʻlamli targʻibot va oʻquv tadbirlari oʻtkazilmoqda. Jumladan, tuman maktab va maktabgacha taʼlim boʻlimi rahbar xodimlari ishtirokida kiberxavfsizlik va kiber tahdidlardan himoyalanishga qaratilgan profilaktik suhbatlar tashkil etildi.
Tadbirlar davomida mutaxassislar tomonidan kiberxavfsizlikning dolzarb jihatlari muhokama qilinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan APK formatdagi zararli fayllar, ularning smartfonlar va shaxsiy maʼlumotlarga salbiy taʼsiri, shuningdek, internetda keng tarqalayotgan firibgarlik usullari haqida batafsil tushunchalar berildi.
Shu bilan birga, Toʻraqoʻrgʻon tumanida mahalla yettiligi vakillari uchun “Raqamli immunitet”ni shakllantirishga qaratilgan maxsus oʻquv seminari ham tashkil etildi. Seminarda Namangan viloyati IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari va tuman hokimligi masʼullari ishtirok etdi.
Unda ishtirokchilarga internetdagi firibgarliklarni oldini olish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish hamda raqamli savodxonlikni oshirish boʻyicha muhim boʻlgan amaliy tavsiyalar berildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati







