Ichki ishlar vazirligi tizimida xizmat intizomi va qonunchilik buzilishiga yoʻl qoʻyish favqulodda holat sifatida baholanib, keskin choralar koʻrilmoqda
2025-11-14 00:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligi tizimini mansab vakolatidan foydalanib, korrupsiya omillariga yoʻl qoʻyayotgan nopok xodimlardan tozalash maqsadida doimiy ravishda nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Vazirlik Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan tezkor tadbirlarda esa noqonuniy xatti-harakat sodir etgan xodimlar aniqlanib, ularga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlanmoqda.
Maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilgan har bir xodimning vaziyatiga favqulodda holat sifatida baho berilib, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari va shaxsiy tarkibi ishtirokida joyida muhokama qilinmoqda.
Navbatdagi, ana shunday tanqidiy ruhdagi yigʻilish Sirdaryo viloyatida boʻlib oʻtdi. Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari D.Nazarmuxammedov tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishda bu borada joriy yilning oʻtgan oʻn oyi davomida viloyatda amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Yigʻilishda har bir xodim oʻz vazifasiga sidqidildan yondashib, tartib-intizom asosida, sadoqat bilan xizmat qilishi, noqonuniy va korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻymaslik borasida nazoratni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Xizmat faoliyati davomida namunali ish olib borayotgan, korrupsion omillarni bartaraf etishda tashabbus koʻrsatib, pora taklif qilgan shaxslar haqida xabar bergan xodimlarga minnatdorchilik bildirildi. Taʼkidlash joizki, oʻtgan oʻn oy davomida Sirdaryo viloyatida 7 ta holatda xodimlarga pora taklif qilgan shaxslar aniqlanib, chora koʻrilgan.
Afsuski, shu bilan bir qatorda xizmat vazifasiga panja ortidan qarab, belgilangan vazifalarni bajarishda sustkashliklarga yoʻl qoʻyayotgan ayrim xodimlarning borligi sohaga salbiy taʼsir koʻrsatayotganligi taʼkidlandi.
Jumladan, joriy yilning oʻtgan oʻn oyida Sirdaryo viloyati IIB tizimida ana shunday kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 96 nafar xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.
Ikkita holatda 3 nafar xodim jinoyatga qoʻl urganligi muhokama qilindi.
Oʻz nafsining quliga aylangan, kasbiga noloyiq xodimlar tomonidan sodir etilgan yuqoridagi kabi holatlar, ayniqsa korrupsion omillarga chek qoʻyish borasida boshqa viloyatlarda ham tezkor-profilaktik tadbirlar davom ettiriladi.
Aniqlangan noqonuniy harakatlar yuzasidan esa keskin choralar koʻrilib, shaxsiy tarkib oʻrtasida muhokamalar oʻtkazish tizimli tarzda yoʻlga qoʻyiladi.




